Mehnatidan baraka topmoqda
Bugungi kunda yurtimizda aholining bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va tomorqadan unumli foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, kichik issiqxonalar tashkil etish orqali yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish imkoniyati ko‘plab xonadonlar uchun barqaror daromad manbaiga aylanmoqda.
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ikrom Ergashev ana shunday fidoyi insonlardan biri. U uzoq yillar davomida gaz ta’minoti sohasida samarali mehnat qilib, nafaqaga chiqqan bo‘lsa-da, faollikdan to‘xtagani yo‘q.

Ayni paytda u o‘z hovlisidagi 2 sotixli issiqxonada dehqonchilik bilan shug‘ullanib, oilasiga qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Imtiyozli kredit asosida tashkil etilgan issiqxonada hozir pomidor yetishtirilmoqda. Ko‘chatlar parvarish qilingani sayin gullab, hosilga kirish arafasida turibdi.
Bundan tashqari, issiqxonaning bir qismida bodring va bulg‘or qalampiri ham yetishtirilmoqda. Bu esa bir mavsumda bir necha turdagi mahsulot olish imkonini yaratadi.

–Issiqxonamizdan yiliga uch marta hosil olamiz. Avvalo, pomidor, keyin bodring ekib, qishga yaqin ko‘katlar yetishtirib, qo‘ni-qo‘shni va do‘konlarga yetkazib beramiz. Daromadimiz ham mehnatimizga yarasha. Eng muhimi, bozordan deyarli mahsulot sotib olmaymiz, — deydi Ikrom Ergashev.
Xulosa qilib aytganda, tomorqadan samarali foydalanish, mehnatsevarlik va tashabbuskorlik har bir xonadon farovonligini ta’minlashda muhim omildir. Ikrom Ergashev kabi insonlar tajribasi esa boshqalar uchun ham ibrat bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri