Mehnati ortidan hurmat qozongan fidoyi ustoz
Inson hayotda o‘zining qilgan ezgu ishlari, orttirgan obro‘-e’tibori va tarbiyalagan shogirdlari bilan yodda qoladi. Ayrim insonlar borki, ularning butun umri bir soha rivoji bilan chambarchas bog‘lanib ketadi. Qahramon Shodiyev ana shunday fidoyi, mehnatkash va o‘z kasbining haqiqiy ustasi edi.
U 1967-yil 27-avgustda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tavallud topgan. 1984-yilda mehnat faoliyatini Konimex tuman avtomobil yo‘llari bo‘limida oddiy ishchi sifatida boshlagan. Qisqa vaqt ichida intizomi, mas’uliyati va mehnatsevarligi bilan ajralib turgan Q.Shodiyev yillar davomida sohaning yetuk mutaxassisiga aylandi.

Uning mehnat faoliyati Navoiy viloyati avtomobil yo‘llari tizimi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, 1988-2002-yillarda yo‘l ishchisi va yo‘l ustasi sifatida samarali mehnat qildi. Bu davr nafaqat uning kasbiy mahoratini shakllantirdi, balki ustozlik fazilatlarini ham namoyon etdi. U o‘z bilim va tajribasini yoshlarga ulashishni burchi deb bilardi.
Qahramon Shodiyev rahbarlik faoliyatida ham o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qildi. 2002-2015-yillarda Karmana yo‘l xo‘jaligi pudrat-ta’mirlash va foydalanish davlat korxonasida turli mas’ul lavozimlarda ishlab, ish yurituvchidan tortib korxona direktorigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U rahbar sifatida tartib-intizom, sifat va samaradorlikni asosiy mezonga aylantirdi.

2015-2023-yillarda esa Karmana tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasida faoliyat yuritib, asfalt-beton zavodi ustasidan zavod boshlig‘igacha ko‘tarildi. U ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, sifatli mahsulot ishlab chiqarish va mehnat unumdorligini oshirish yo‘lida samarali ishlar qildi.
– 1998-yildan buyon yo‘l qurilishi sohasida faoliyat yuritib kelaman, – deydi Karmana tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi rahbari Zafar Hoshimov. – Bu yo‘ldagi barcha bilim va tajribani ustozimiz Qahramon Shodiyevdan o‘rganganman. U kishi ish yuritish, boshqaruv va kasbning nozik jihatlarini o‘rgatdi. Bugungi kunda muassasaning shakllanishi va rivojida ustozning xizmatlari beqiyos. U har bir xodimni o‘z o‘rniga qo‘yib, ularning salohiyatidan unumli foydalanishni bilgan haqiqiy rahbar edi.

Faoliyatining so‘nggi yillarida ham u o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qildi. 2023-2025-yillarda Karmana tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasida yo‘l bo‘limi boshlig‘i va asfalt-beton zavodi rahbari sifatida ishlab, o‘zining boy tajribasi bilan jamoa hurmatini qozondi.
Biroq uning eng katta boyligi lavozim yoki yutuqlar emas, balki shogirdlari edi. U yuzlab yoshlarni yo‘l qurilishi sohasiga jalb qildi, ularga kasb sirlarini o‘rgatdi va hayotda o‘z o‘rnini topishlariga yo‘l ko‘rsatdi. Shu ma’noda, Qahramon Shodiyev nafaqat mutaxassis, balki haqiqiy ustoz maktabini yarata olgan inson edi.
– 1990-yilda marhum ustozim Qahramon Shodiyevning maslahati va qo‘llab-quvvatlashlari tufayli shu sohaga kirib kelganman, – deydi 219-yo‘l bo‘limi ustasi Akmal Zulfiqorov. – U kishi menga kasbning barcha sir-asrorlarini, mehnatning mashaqqatini va shu bilan birga uning naqadar sharafli ekanligini o‘rgatganlar. Men o‘zimni ustozimning minglab shogirdlaridan biri deb bilaman. Ularning sonini sanash qiyin. Ustozimiz hayotlarining so‘nggi kunlariga qadar yoshlarga o‘z tajribasini o‘rgatishdan to‘xtamadi.
Bugun uning shogirdlari turli lavozimlarda samarali mehnat qilib, ustoz yo‘lini davom ettirmoqda. Ular ustoz haqida gapirganda, avvalo uning insoniy fazilatlari mehribonligi, adolatparvarligi va talabchanligini eslaydi.
Bugun ustozning yorqin xotirasi uning amaliy ishlari va tarbiyalagan shogirdlari orqali yashamoqda. Chunki haqiqiy ustoz hech qachon unutilmaydi u barpo etgan yo‘llarda, tarbiyalagan insonlarda va ezgu ishlarida abadiy yashaydi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri