Mehnati kam, foydasi ko‘p
Qashqadaryo viloyatida 2015-yilda 3 ming 309 tonna baliq yetishtirildi.
Qashqadaryo viloyatida 2015-yilda 3 ming 309 tonna baliq yetishtirildi.Prezidentimiz rahnamoligida aholining baliq mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Qashqadaryo viloyatida ham baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, ko‘plab tabiiy va sun’iy havzalar barpo etildi. Hovuzlarning meliorativ holati tubdan yaxshilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazi, “Ipotekabank” aksiyadorlik tijorat banki va boshqa tashkilotlar hamkorligida Qashqadaryoda baliqchilikni rivojlantirishning dolzarb vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda shular haqida so‘z bordi.
– Baliqchilik tarmog‘i rivojlantirilishi va yuqori hosildorlikka erishish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ruhiddin Qurbonov. – Bu borada zamonaviy, ilg‘or va samarali usullarni qo‘llash yuqori natija beradi. Masalan, tabiiy suv havzalarida qafas usulida yoki sun’iy suv havzalari tashkil etish orqali baliq yetishtirish, tez yetiladigan, kasalliklarga bardoshli baliq turlarini ko‘paytirish, mahsulotlarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish yanada samaralidir.
Joriy yilda viloyatda baliq yetishtirishga ixtisoslashgan 89 yangi xo‘jalik tashkil etish, baliq ovlash rejasini 6 ming 150 tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Seminarda baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish, soha vakillariga kredit berish yo‘l-yo‘riqlari, omixta yem va baliq chavoqlari yetkazib berish tartibini yaxshilash masalalari yuzasidan fikr almashildi.