Mehnatga oid munosabatlar tartibga solingan(mi)?
Buxoro viloyati sudi tashabbusi bilan “Buxoro viloyatida mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish, bunda mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlar, ushbu nizolarni adolatli hal qilish va kelgusida oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilash masalalari”ga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi, Buxoro viloyat prokuraturasi, adliya boshqarmasi, ichki ishlar boshqarmasi va boshqa bir qator davlat organlari vakillari hamda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxona, tashkilot va muassasalar huquqshunoslari, tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolar qatnashdi.
– Ko‘rilgan ishlarning 478 tasi ish haqi undirish, 194 tasi ishga tiklash, 20 tasi mehnat ta’tili berish, 15 tasi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni kechiktirganlik uchun kompensatsiya undirish, 6 tasi ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish va qolgani boshqa toifadagi mehnat nizolarini tashkil etgan, – deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudlov sudyasi I.Toshov. – Ishga tiklash haqidagi da’volar bo‘yicha ko‘rilgan 194 ta ishlarning 115 tasi yoki qariyb 60,0 foizi yuzasidan ish beruvchilarning buyruqlari g‘ayriqonuniy deb topilib, xodimlar ishga tiklangan.
[gallery-21416]
Ishga tiklash nizolari nisbatan ko‘paygan sohalar kesimida tahlil qilinganda, 2024 yilda bank tizimida 27 ta, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining quyi bo‘g‘inlarida 25 ta, Ichki ishlar vazirligi va unga tegishli tashkilotlarda 23 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligi va unga tegishli tashkilotlarda 21 ta, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidagi tashkilotlarda 11 ta, Mahalliy davlat hokimiyati organlarida 7 ta hamda boshqa davlat idoralari va organlarida 45 ta ishlar ko‘rilganligi aniqlangan.
– Hodimlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida mehnat inspeksiyasi tomonidan korxona va tashkilotlarda o‘rganishlar o‘tkazilib, 1701 ta qonunbuzilish holatlari bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilarga 13 ta ko‘rsatma kiritildi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyat Kengashi raisi M.Olimov. –Bugungi kunga qadar 671 ta qonunbuzilish holati bartaraf etilib, 451 nafar xodimning huquqlari tiklandi va 29,6 million so‘m kompensatsiya to‘lovlari undirildi. Shuningdek, 67 nafar xodimning ish haqidan 610,4 million so‘m ushlab qolinishi oldi olindi.
Seminarda barcha masalalar atroflicha muhokama qilindi. Fikr-mulohazalar va takliflar tinglandi. O‘zaro muloqot tarzidagi tadbir savol-javoblarga boy o‘tdi.
Seminar ishida viloyat sudi raisi U.Ro‘ziyev qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari