Mehnatda toblangan insonlar e’tirofi (+video)
Yurt uchun, xalq uchun qilingan astoydil mehnat doimo e’zozlanib kelingan. Ana shunday hurmatga sazovor bo‘lgan insonlarning bir guruhiga turli darajadagi "Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari tantanali topshirildi.
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida “Nuroniy” jamg‘armasi vasiylik kengashi qarori bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, yurt ravnaqi, jamiyatimiz rivoji yo‘lida uzoq yillar samarali mehnat qilgan va hozir ham jamoatchilik ishlarida, yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etayotgan bir guruh yurtdoshlarimizga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur saroyning bayramona ruhda bezatilgan foyesida faxriylar o‘zbekona lutf bilan, milliy kuy navolari sadosi ostida tantanali kutib olindi. Zero, ko‘krak nishoni sohiblarining har biri ana shunday hurmat va e’tiborga loyiqdir. Tadbir boshlanishidan oldin “Nuroniy” jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev nuroniylar sha’niga iliq so‘zlar aytib, ushbu mukofot bilan ularni samimiy tabrikladi. Shundan so‘ng faxriylarning ijtimoiy faoliyatiga oid videorolik namoyish etildi.
Bu yil tavsiya etilgan har bir nomzodning ijtimoiy-siyosiy va jamoatchilik faoliyati komissiya a’zolari tomonidan xolislik, shaffoflik va adolat mezonlari asosida ko‘rib chiqildi. Joriy yil mamlakatimiz bo‘ylab 1016 nafar nuroniy ushbu mukofot sohibi bo‘ldi.
Taqdirlash marosimida turli soha vakillari e’tirof etildi. Ular orasida fan doktorlari, professorlar, xalq san’atkori yoki taniqli yozuvchilar, akademiklar va o‘z umrini biror bir kasbga bag‘ishlab, ustoz degan ulug‘ nomga sazovor bo‘lgan insonlar. Xullas, barchasi faxriy bo‘lishga loyiq insonlardir.
Taqdirlash marosimida mamlakatimizning taniqli san’atkorlari tomonidan yangi kuy-qo‘shiqlar kuylandi, bir-biridan go‘zal raqslar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, ishtirokchilarga zavqu-shavq ulashdi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/t6XxPIbkbmc" title="Mehnatda toblangan insonlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Iskandar Ismatov, O‘zA