Mehnat yarmarkasida yuzlab yoshlar ishli bo‘ldi
Toshkent viloyati Angren shaharida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va shahar hokimligi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda mazkur hudud miqyosida ilk bor Toshkent shahridagi o‘ndan ortiq bir qator yirik ishlab chiqarish kompaniyalari va Angren shahridagi 20 dan ortiq ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. O‘z navbatida 51 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Temir daftar”, "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari"ga kiritilgan fuqarolar va ishsiz aholi taklif etildi.
Tadbir davomida ishsiz fuqarolarga shahar hududidagi korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari, mavjud kvota va mehnat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan tushuntirishlar berildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shaharda 1 ming 218 nafar ishsiz yoshlar bo‘lib, yarmarka davomida 500 dan ortiq yoshlarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Qolgan yoshlarni esa tadbirkorlar faoliyatiga biriktirish hamda bosqichma-bosqich ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari ko‘riladi.
O‘z navbatida korxona va tashkilotlar tomonidan 1 ming 46 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilgan bo‘lib, 970 nafar fuqaro ishlash istagini bildirdi. Jami 2000 tadan ortiq anketalar to‘ldirildi. Ulardan 100 ga yaqini shu joyning o‘zida ishga qabul qilindi. Qolgan anketalar ish beruvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilib, undan sohaviy mutaxassisligi bo‘yicha to‘g‘ri keladiganlari ishga qabul qilinishi ma’lum qilindi.
– Anchadan beri muqim bir ishga joylasholmayotgan edim, – deydi Chinor mahallasida yashovchi Shoxrux Abduraimov. — bugungi mehnat yarmarkasida “Toshkent suv ta’minot" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlarini ko‘rib chiqib, nazoratchi bo‘lib ishga joylashdim. Mutaxassislar menga soha haqida, oylik va boshqa sharoitlar yuzasidan qisqacha tushunchalar berdi.
bugungi kunda Angren shahrida aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Mas’ul tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan mehnat yarmarkalari va uchrashuvlarda mavjud muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
A. Musayev, O‘zA