Mehnat yarmarkasi – imkoniyatlar eshigi
Kuni kecha Qarshi davlat universitetining Pedagogika institutida bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash maqsadida davlat tashkilotlari hamda xususiy sektorlar hamkorligida "Karera kunlari" nomi ostida mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti matbuot xizmati.
Mamlakatimizda yoshlarga sifatli ta’lim berish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish bilan bir qatorda ish bilan ta’minlash, daromad topishlari uchun sharoit yaratib berish ham eng muhim vazifalardan biriga aylangan.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 4 mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida zarur topshiriqlar belgilab berilgan edi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida Qashqadaryo viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i B.Mo‘minov, Shahrisabz shahar Hunarmandchilik markazi rahbari G.Choriyeva ishtirok etdi.
Mehnat yarmarkasida viloyatning shahar va tuman Xalq ta’limi kadrlar bo‘limi boshliqlari va Aholi bandligini ta’minlash bo‘limi inspektorlari, kadrlarga ehtiyoji mavjud 62 ta maktab direktorlari, 47 ta bog‘cha mudiralari hamda ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar taqdim etdilar.

Tadbir davomida institutning har bir kafedralari o‘z ko‘rgazmalarini namoyish qilishdi. Ahamiyatli jihati shundaki, yarmarka yakunida 100 nafar talabalar bandligini ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘zA