O‘zbekiston Respublikasi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining «Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-sonli konvensiyasini (Jeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi Qonuni ma’qullandi.
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida so‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.
O‘ZBEKISTON VA XALQARO MEHNAT TASHKILOTI
Xalqaro mehnat tashkiloti 1919 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda unga 187 davlat, shu jumladan O‘zbekiston ham a’zo bo‘lib kirgan. Mazkur xalqaro tashkilotning o‘ziga xos jihatlaridan biri u hukumat, ish beruvchilar va xodimlarni birlashtiruvchiBMTning yagona uch tomonlama agentligi ekanligidir.
Hozirgi kungacha O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining 17 ta Konvensiyasi va 1 ta Bayonnomasi ratifikatsiya qilingan. Ulardan8 tasi fundamental, 4 tasi davlat boshqaruviga oid va qolgan 5 tasi texnik xususiyatdagi xalqaro hujjatlar hisoblanadi.
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining barcha fundamental va korporativ boshqaruvga oid kelishuvlarini ratifikatsiya qilganligini alohida ta’kidlash lozim.
Xususan, Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli, Birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli, Bir xil qiymatga ega bo‘lgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng rag‘batlantirish to‘g‘risidagi 100-sonli, Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risidagi 105-sonli, Mehnat va mashg‘ulotlar sohasidagi kamsitishlar to‘g‘risidagi 111-sonli fundamental Konvensiyalari ratifikatsiya qilingan va ularda belgilangan xalqaro normalarga amal qilish bo‘yicha tizimli ravishda tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini, gender tengligini, iqtisodiy faoliyatning barcha sohalarida mehnatkashlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida xalqaro mehnat standartlarini mamlakatimiz qonunchiligiga tatbiq etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
2019 yilda O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 29-sonli Majburiy mehnat to‘g‘risidagi Konvensiyasiga Bayonnomani ratifikatsiya qilgan Markaziy Osiyodagi yagona mamlakat bo‘ldi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining «Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida»gi 144-sonli,«Qishloq xo‘jaligidagi mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida»gi 129-sonli va «Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida»gi 81-sonli konvensiyalari ham ratifikatsiya qilindi, bu esa ushbu sohalarda bandlik va mehnat muhofazasi ustidan monitoringni kuchaytirishga imkon berdi.
Oldingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida byudjet tashkilotlari vakillari, talabalarni mehnatga majburlash, ularga haq to‘lamaslik, mehnat qilish sharoitlarining talabga javob bermaslik holatlari kuzatilar edi. Dastavval, bola mehnati,so‘ngra majburiy mehnatni bartaraf qilganimizni jahon hamjamiyati alohida e’tirof etmoqda.
Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra 2020 yilda O‘zbekistonda paxta yig‘imida ishtirok etganlarning 96 %dan ortig‘ini ixtiyoriy ravishda ishlaganlar tashkil etgan. Bu esa, mamlakatimizda majburiy mehnatning bartaraf etilganligini anglatuvchi yana bir isbotdir.
Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-sonli Konvensiyasi
187-sonli Konvensiya Xalqaro mehnat tashkilotining Bosh konferensiyasi 95-sessiyasida 2006 yil 15 iyunda Jeneva shahrida qabul qilingan.
Konvensiya muqaddima,unda qo‘llanilgan tushunchalar, uning maqsadi, milliy siyosat, milliy tizim, milliy dastur va yakunlovchi qoidalarni o‘z ichiga olgan14 ta moddadan iborat.
Konvensiyaning maqsadi– ishlab chiqarishda shikastlanishlar, kasbiy kasalliklar va insonlar o‘limining oldini olish uchun doimiy ravishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasini takomillashtirishdan iborat.
Konvensiyaga binoan milliy qonunchilikda ish beruvchilar va xodimlarning eng nufuzli vakillik tashkilotlari bilan kelishgan holda milliy siyosat, milliy tizim va milliy dastur ishlab chiqish orqali kasb kasalliklari, ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar va insonlar o‘limining oldini olish maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy ravishda takomillashtirishga ko‘maklashish nazarda tutilgan.
Konvensiyaga a’zo har bir davlat milliy siyosatniishlab chiqish orqali xavfsiz va sog‘lom ish muhitini yaratishga, shuningdek barcha tegishli darajalarda xodimlarning xavfsiz va sog‘lom mehnat muhitiga bo‘lgan huquqini amalga oshirishga ko‘maklashishi va intilishi lozimligi belgilangan.
Milliy siyosatniishlab chiqishda a’zo davlatlar, o‘zlarining milliy holati va amaliyotini hisobga olgan holda, shuningdek ish beruvchilar va xodimlarning nufuzli vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashgan holda quyidagi asosiy prinsiplarga: kasbiy xavf-xatarlarni baholash; kasbiy xavf-xatarlarga qarshi ular sodir bo‘lgan joyda kurashish; mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi milliy madaniyatni axborot, maslahat va mashg‘ulotlar o‘tkazish orqali rivojlantirishga ko‘maklashishi qayd qilingan.
Konvensiyaga a’zo har bir davlat mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bo‘yicha milliy tizimniish beruvchilar va xodimlarning nufuzli vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashgan holda tashkil qilishi, qo‘llab-quvvatlashi, bosqichma-bosqich rivojlantirishi va davriy qayta ko‘rib chiqishi lozimligi belgilangan.
Milliy tizim o‘z ichiga xususan quyidagilarni: a) qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, jamoa shartnomalari, tegishli holatlarda mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid boshqa hujjatlarni; b) milliy qonunchilik va amaliyoti asosida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi masalalariga mas’ul bo‘lgan organlar va idoralarni; v) milliy qonunchilik normalariga rioya qilishni ta’minlash uchun mexanizmlar, shu jumladan inspeksiya tizimini; g) ishlab chiqarishda profilaktika choralarining asosiy tarkibiy qismi sifatida korxona darajasida uning rahbariyati, xodimlari va ularning vakillik organlari hamkorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni oladi.
Konvensiyada unga a’zo har bir davlat mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bo‘yicha milliy dasturni ish beruvchilar va xodimlarning nufuzli vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashgan holda ishlab chiqishi, hayotga tatbiq etishi, bajarilishini kuzatib borishi, baholashi va davriy qayta ko‘rib chiqishi hamda milliy dasturning mazmun-mohiyati belgilangan.
Konvensiyaning yakunlovchi qoidalarida uni ratifikatsiya qilgan davlatlar uchun majburiy kuchga ega ekanligi, ratifikatsiya yorlig‘i ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab uni ratifikatsiya qilgan davlat uchun Konvensiya 12 oydan so‘ng kuchga kirishi, uni denonsatsiya qilish va boshqa tashkiliy masalalarga oid normalar qayd qilingan.
Hozirgi vaqtda Xalqaro mehnat tashkilotining mazkur Konvensiyasi 52 ta davlat, shu jumladan, MDH mamlakatlaridan Moldova, Rossiya, Qozog‘iston tomonidan ratifikatsiya qilgan.
187-sonli Konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish zaruriyati, huquqiy asoslari.
Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 2,3 millionxodimlar (ishchi-xizmatchilar) sanoat hodisalari va kasb kasalliklari oqibatida halok bo‘lmoqda. Yana 160 millionxodimlar kasb kasalliklaridan, 313 millioni esa baxtsiz hodisalardan aziyat chekmoqda.
Bu tadbirkorlik va umuman iqtisodiyot uchun jiddiy xarajatlarni talab qiladi. Xalqaro mehnat tashkiloti har yili dunyo yalpi ichki mahsuloti (YAIM)ning 4%dan ko‘prog‘ini ishlab chiqarishda yuz beradigan baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari tufayli yo‘qotilishini taxmin qilmoqda.
Norasmiy ishchilarning aksariyati hech qanday kafolatsiz, shu jumladan, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi yo‘q holda ishlaydi. Ko‘pgina ishchilar, ayniqsa, ayollar ish joylarida, ko‘pincha nafaqat ularga, balki ularning oila a’zolariga ham tahdid soladigan xavfli va sanitariya qoidalariga zid bo‘lgan sharoitlarda yashaydilar.Xalqaro tashkilotlar mehnat muhofazasi va gigiyenasi muammolarini hal etishga yordam berishi mumkin va bu sohada eng samarali chora-tadbirlar xodimlar va ish beruvchilarning nufuzli vakillik tashkilotlarining faol ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
Qayd qilish lozimki, mehnatni muhofaza qilish masalasi 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 8-maqsadi - Samarali bandlikni oshirish hamda erkaklar va xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash asosida barqaror va umum qamrovli iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashishning 8.8-vazifasiga ko‘ra, barcha ishchi xodimlarni mehnat huquqlarini himoya qilish hamda ular uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash nazarda tutilgan.
Bu maqsad va vazifalar esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining37-moddasidahar bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi belgilangan normaga to‘la mos keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 211-moddasiga binoan barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lishi kerak. Bunday sharoitlarni yaratib berish ish beruvchining majburiyatiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunining5-moddasida mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlariva 23-moddasidaesa ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilab berilgan.
Shuni ta’kidlash lozimki, Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-sonli konvensiyasini ratifikatsiya qilishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning 73-bandida belgilangan chora-tadbirlar asos qilib olingan.
187-SONLI KONVENSIYASINI RATIFIKASIYA QILISH ORQALI QANDAY NATIJALARGA ERISHILADI?
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 187-sonli Konvensiyani ratifikatsiya qilish milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, Xalqaro mehnat tashkiloti hujjatlarida belgilangan, mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslariga taalluqli bo‘lgan prinsiplarni hisobga olgan holda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari hamkorligida xalqaro standartlar talabiga muvofiq mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi milliy dastur ishlab chiqilishi hamda mazkur milliy dastur orqali xavfsiz va sog‘lom mehnat muhitini bosqichma-bosqich yaratish bo‘yicha izchil choralarni ko‘rishga zamin yaratadi.
Uchinchidan, xalqaro mehnat standartlarini mehnatni muhofaza qilish sohasidagi milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imiji ko‘tarilishiga asos bo‘ladi.
To‘rtinchidan,eng asosiysi mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasida milliy madaniyatniyuksaltirishga xizmat qiladi.
Bu sohadagi milliy madaniyat deganda, a) xavfsiz va sog‘lom ishlab chiqarish muhitiga ega bo‘lish huquqiga barcha bosqichlarda rioya qilish; b) hukumat, ish beruvchilar va xodimlar xavfsiz va sog‘lom ishlab chiqarish muhitini belgilangan huquq, mas’uliyat va majburiyat tizimi orqali ta’minlashda faol ishtirok etishi hamda v) profilaktika prinsipiga eng yuqori ustuvorlik berilish tushuniladi.
Foziljon Otaxonov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
huzuridagi Qonunchilik muammolari va
parlament tadqiqotlari instituti
direktori, yuridik fanlar doktori