Ma’lumki, yangi Mehnat kodeksi avvalgi kodeksdan hajm jihatdan 2,5 barobar katta bo‘lib, unga amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan ko‘plab yangi normalar kiritildi. Xodimlar mehnat huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bilan birga, ish tanlash, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarida ishlash, ishsizlikdan himoyalanishda davlat kafolatini ta’minlash imkonini beradi. Qolaversa, ish beruvchilarning kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va samarali mehnat jarayonini tashkil etish sohasidagi huquqlari amalga oshirilishini ta’minlashga, ijtimoiy sheriklikni rag‘batlantirish va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Farg‘onada Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali, Adliya boshqarmasi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda “Yurist va kadr” NTM hamkorligida viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar, shahar, tuman bo‘limlarining inson resurlarini boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha rahbarlari, mas’ul vakillari uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarni tashkil etishdan maqsad yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi va “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi” qonun hamda boshqa normativ hujjatlarga muvofiq mehnat munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish, xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnat munosabatlariga oid huquqiy savodxonlikni oshirishdir.

O‘quv-amaliy seminar davomida ma’muriy islohotlar jarayonida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga asosan mehnat munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish, xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha mutaxassislarning batafsil izohlari tinglandi.
Ishtirokchilar faoliyatda duch kelayotgan qator masalalarni o‘rtaga tashlashdi. Amaliyotga duch kelinayotgan muammolar tahlil qilindi, har biri bo‘yicha mutaxassislar tomonidan yuridik maslahat va ko‘rsatmalar berildi.
Interaktiv usulda tashkil etilgan amaliy seminar davomida ishtirokchilarga mehnat qonunchiligi bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyati ham berildi.
Xurshidjon IKROMOV,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali mas’ul xodimi