Mehnat muhofazasi prokuratura nazoratida
Prokuratura tashabbusi bilan ayrim sohalarda qonunchilikni qo‘llashda yagona amaliyotni shakllantirish bo‘yicha idoralararo normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Jumladan, Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan mehnat vazifalarini bajarayotgan xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda jarohatlanish yoki o‘lim bilan bog‘liq holatlarda yetkazilgan zararni to‘lashda qonunchilikka rioya qilinishi ahvoli tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, 2020 va 2021 yillarda ishlab chiqarishda
vafot etgan 19 nafar xodimning yaqin qarindoshlariga 1,7 milliard so‘m bir yo‘la to‘lanadigan zarar hamda 22 ta holatda oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan tovon pullari to‘lab berilmagan. Prokuratura aralashuvi bilan 1 milliard so‘mdan ortiq pullar xodimlar foydasiga ixtiyoriy undirib berilgan hamda jabrlanuvchilar manfaatida 5 ta holatda 654 million so‘mlik tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga kiritilgan da’vo arizalari to‘liq qanoatlantirilgan.
Shuningdek, Bandlik bosh boshqarmasining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha Davlat texnik inspektori B.Jumayev yollanma ishchi S.Mirzoqulovning qurilishi tugallanmagan binoning 5 qavatidan lift shaxtasiga yiqilib vafot etganligi holati bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus tekshiruvda dalillarni qasddan qalbakilashtirib, holatning ishlab chiqarish bilan bog‘liq emasligi to‘g‘risida soxta dalolatnoma rasmiylashtirganligi aniqlangan.
Natijada ish beruvchining javobgarlikdan qutilib qolishiga
va marhum S.Mirzoqulovning oila a’zolariga to‘lanishi lozim bo‘lgan 92 million so‘m undirilmay qolishiga sababchi bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rilib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi hamda jabrlanuvchining oila a’zolariga to‘lanishi lozim bo‘lgan tovon pullari undirib berildi.
Shu sababli prokuratura, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Bandlik, Pensiya jamg‘armasi hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi bilan birgalikda ushbu sohada idoralararo hamkorlikni tartibga solish bo‘yicha Qo‘shma ko‘rsatma tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirildi.
Mazkur ko‘rsatma idoralar faoliyatida tadbiq etilishi natijasida 2022 yilda sodir bo‘lgan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda jarohatlanish yoki o‘lim bilan bog‘liq 71 ta hodisalarning barchasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilishi, shundan 43 ta holat bo‘yicha jinoyat
ishlari qo‘zg‘atilishi ta’minlangan. Ushbu hodisalarda jabrlangan 21 nafar fuqaro va ularning oila a’zolariga 2 milliard so‘mdan ortiq bir yo‘la beriladigan to‘lovlar hamda 12 ta holatda oyma–oy to‘lanishi lozim bo‘lgan tovon pullari to‘lanishi ta’minlangan.
Korxonalarda o‘tkazilgan qisqa muddatli tekshirishlarda 22 nafar ish beruvchilar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Davlat va xususiy sektordagi korxonalarning 144 nafar xodimlari mehnat muhofazasi bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida o‘qitilgan. Mazkur sohaga bevosita mas’ul xodimlar o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lganliklari natijasida jabrlanuvchi va ularning oila a’zolariga to‘lanadigan to‘lovlar o‘z vaqtida berilmaganligi, maxsus tekshiruvlarda soxtakorlikka yo‘l qo‘yilganligi va boshqa qo‘pol qonun buzilishlar yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasiga taqdimnoma kiritilgan edi.
Taqdimnomani ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan viloyat Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Sh.Radjabov lavozimidan ozod qilingan.
Zarif Komilov,
O‘zA