Mehnat migratsiyasi rivojlantiriladi
Rossiya Federatsiyasining Primorsk o‘lkasi hukumati va manfaatdor tashkilotlar vakillaridan bir guruhi Buxoroda bo‘ldi.
Primorsk o‘lkasi migratsiya siyosati agentligi boshlig‘i M.Sorokin, agentlik boshlig‘ining o‘rinbosari A.Shishko, chet ellik ishchilarni jalb qilish va ulardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i O.Shakirova Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Adilov, Migratsiya agentligi viloyat hududiy vakilligi boshlig‘i Nozima Xoliqova bilan xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini yanada kengaytirish, migrantlar uchun qulay sharoit yaratish va ijtimoiy himoyani ta’minlash bo‘yicha muzokara olib bordi.

Rossiyalik mehmonlar Primorsk o‘lkasida mavjud vakansiya, jumladan, dengiz mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va shunga oid bo‘sh vakansiyalar, shu sohaga oid o‘quv dasturlari tashkil etilishiga doir tashabbusni ilgari surdi. Samimiy muloqotda mehnat muhojirlari haq-huquqlari muhofazasi, ularni aynan mutaxassis sifatida yuqori daromadli ishlarga joylashtirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.

Shuningdek, rossiyalik hamkorlar bilan mehnat migrantlarining rus tilini bilish sertifikatiga ega bo‘lish imkoniyatlarini viloyatda tashkillashtirish, yuqori daromadli kasblarga o‘rgatish tizimini monomarkazda o‘tash taklifi ham ko‘rib chiqildi.
Mehnat tanlovlarini o‘tkazish tartibi, vaqtinchalik ishga borayotgan muhojirlardan xorijda nimalar, qanday hujjatlar talab qilinishi, salomatligi, sudlanmaganligi, deportatsiyasi yo‘qligiga doir ishonchli tekshirishlarni ham shu yerda, viloyatda amalga oshirish taklifi bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri