Mehnat huquqlari himoyasida yangi bosqich
Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan o‘tkazgan uchrashuvi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim voqea sifatida tarixga kirdi. Sababi, mazkur uchrashuv faqat mehnat sohasidagi muammolarni muhokama qilish bilan cheklanib qolmadi, balki davlat va jamiyat munosabatlarida inson qadrini oliy qadriyat sifatida belgilab, kasaba uyushmalarining bu boradagi muhim vazifalarini belgilab berdi.

Xususan, so‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga 130 milliard dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilindi. Bu orqali minglab yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, millionlab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu jarayonda xususiy sektorning ulushi va ahamiyati ortgan bo‘lib, fuqarolarga munosib mehnat sharoiti yaratilishi natijasida jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori 3,5 ming dollarni tashkil etmoqda.
Mehnat munosabatlarining huquqiy asoslari ham tubdan isloh qilindi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida” va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinishi bu sohadagi ilg‘or qadamlardan biri bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 25 ta hujjatini ratifikatsiya qilib, bu boradagi global standartlarga mos qadamlarni tashlamoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish mamlakatimiz uchun yillar davomida eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lib kelgan. Biroq, qat’iy siyosiy iroda va islohotlarga sodiqlik tufayli bu muammo ijobiy hal qilindi. Bugungi kunda O‘zbekistonning ushbu sohadagi tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan boshqa davlatlarga tavsiya etilmoqda. Bu insoniylik va adolat tamoyillariga sodiq qolishning amaliy ifodasidir.
Bugungi kunda 8 millionga yaqin a’zoga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari fuqarolik jamiyatining eng muhim instituti sifatida faoliyat yuritmoqda. Ularning mehnat huquqlarini himoya qilishdagi roli beqiyos. Keyingi yillarda kasaba uyushmalari orqali 500 mingga yaqin xodimning huquqlari tiklangan, ularning foydasiga 267 milliard so‘m undirib berilgan va 13 ming xodim ishga qayta tiklangan.
Kasaba uyushmalari xalqaro maydonda ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga a’zo bo‘ldi. Bu kasaba uyushmalarining nufuzi va ta’sir doirasi kengayib borayotganining yaqqol isbotidir.
Uchrashuvda Davlat rahbari mehnat munosabatlaridagi yangi shakllar masofaviy va platformali bandlik masalasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy sug‘urta bilan ta’minlash dolzarb masalalardan hisoblanadi. Shu bois, kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda qonunchilik asosida takliflar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, har yili gender audit natijalarini tahlil qilish, xotin-qizlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, uchrashuvda baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari haqidagi ma’lumotlarning yaxlit tizimi mavjud emasligi ta’kidlanib, bu borada aniq chora-tadbirlar belgilandi. Kelgusida kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishning yagona tizimini joriy etish topshirildi.
Qolaversa, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish maqsadida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunni tezroq qabul qilish va unda sug‘urta jamg‘armasini shakllantirishda ish beruvchi hamda xodimlarning ishtirokini kafolatlash zarurligi aytildi.
Xulosa qilib aytganda, kasaba uyushmalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv Yangi O‘zbekistonda inson qadri, mehnat huquqlari va ijtimoiy adolat tamoyillarining ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etdi. Muloqot davomida Davlat rahbari tomonidan mehnat munosabatlarini takomillashtirish, fuqarolarni munosib mehnat sharoiti bilan ta’minlash, kasaba uyushmalarining mustaqil faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.
Kelgusida raqamli va platformali bandlik, gender tengligi, ijtimoiy sug‘urta, mehnat muhofazasi kabi yo‘nalishlardagi faoliyatni yanada chuqurlashtirish islohotlarning yangi bosqichiga yo‘l ochadi. Kasaba uyushmalari esa bu jarayonda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni saqlashga xizmat qiladigan muhim vositalardan biri bo‘lib qolishi shubhasiz.
Gulnoraxon Abduvohidova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA