Mehnat bozorida talab yuqori
Buxoroda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda viloyat bo‘yicha korxona va tashkilotlar, xususiy sektorlar, oliy ta’lim muassasalari o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ham ishtirok etdi.
Viloyat rahbari bugungi kunda mehnat bozorida talab yuqori bo‘layotgan kasblar, mavjud ish o‘rinlari, yoshlarning qiziqishiga sabab bo‘layotgan kasblar bilan qiziqdi. Yarmarkada bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etayotgan yirik tadbirkorlik sub’ektlari mutasaddilari bilan muloqot qildi.
Bunday mehnat yarmarkalari viloyatda ishsizlikni bartaraf qilish, band bo‘lmagan aholini, shu jumladan, maktab, kasb-hunar maktablari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini hamda xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlash yo‘nalishida muhim qadam ekanligini e’tirof etdi. Shundan kelib chiqib, bunday tadbirlarni mahalla, sektorlar kesimida doimiy tashkil etib borish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Yarmarkada 550 dan ortiq korxonalar o‘zining 10 mingdan ortiq vakant ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Mazkur korxonalarni sohalar kesimida tahlil qilganda sanoat sohasidagi 1 213 ta bo‘sh ish o‘rinlariga, qishloq xo‘jaligida 2 669 ta, ijtimoiy sohadagi 1 347 ta, qurilish sohasidagi 1 151 ta, kommunal va maishiy xizmat sohasidagi 127 ta, iqtisod sohasidagi 27 ta va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi 4 177 ta mutaxassislik va kasblar bo‘yicha vakant ish o‘rinlariga bilimli, malakali va tajribali kadrlar taklif etildi.
Shu bilan birga tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan 52 nafar fuqaroga o‘zini o‘zi band qilishi uchun subsidiya asosida Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘larlari hisobidan asbob-uskunalar va jihozlar ajratildi. Jumladan, 26 nafariga pishiriq pechlari, 23 nafariga tikuvchilik mashinkalari, 2 nafariga motokultivator hamda 1 nafariga go‘zallik saloni jihozlari topshirildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat bo‘limi tomonidan xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar qonuniy mehnat migratsiyasi talablari tushuntirildi va xorijdagi ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan tashkil etilayotgan o‘quv kurslari va u yerda kasb-hunarga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham taqdimot qilindi.
[gallery-18162]
– Bugun odamlarni ish bilan ta’minlash, biror faoliyat turiga jalb etishning eng samarali yo‘li ularni kasb-hunarga o‘qitishdir, – dedi viloyat hokimi Botir Zaripov. –Yoshlar, ayniqsa, ishsiz aholi qatlamini bu tizimga jalb qilish, kelgusida oliy ta’limni davom ettirishidan qat’iy nazar, ularga hayotida asqatadigan biror hunarni o‘rgatish, egallagan kasbi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari yaratish bugun juda muhim.
Botir Zaripov milliy hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlayotgan usta-hunarmandlar faoliyatini kengaytirish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish orqali ham ish o‘rinlari ko‘paytirish imkoni borligini qayd etdi. Bu borada zarur vazifalarni belgilab berdi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.