Mehnat bilan farovon hayot sari
Bugungi kunda aholini, ayniqsa xotin-qizlarni o‘zini o‘zi band qilishga rag‘batlantirish – nafaqat iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi, balki mahallada tadbirkorlik muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi G‘afur G‘ulom mahallasida yashovchi Maqsuda opa Ergasheva 2024 yilda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi doirasida 33 million so‘mlik imtiyozli kredit asosida o‘z hovlisida issiqxona tashkil etdi.


Bugun mazkur issiqxona limon ko‘chatlari, ismaloq, turli ko‘katlar va 57 kunda pishib yetiladigan kartoshkaning yangi navi bilan band. Bu amalga oshirilgan ish nafaqat uning oilasi daromadini oshirishga, balki mahalladagi boshqa xotin-qizlar uchun ham ilhom manbaiga aylandi.


Mahallada bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ishlari hokim yordamchisi Axtam Isaxonov rahbarligida tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
– Mahallamizda har bir oilaga o‘z daromad manbaini yaratishda amaliy yordam berish – asosiy vazifamiz. Maqsuda opa Ergashevaning tashabbusi bunga yorqin misol. Shu kabi loyihalar orqali aholi turmush darajasini yaxshilashga intilamiz, – dedi Axtam Isaxonov.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri