Mediatsiya - nizoni hal qilishning progressiv usuli
Mediatsiya (lotincha «mediare», inglizcha «mediation» - vositachilik) yuzaga kelgan nizoni tomonlarning ixtiyori va roziligi asosida, betaraf, xolis, manfaatdor bo‘lmagan uchinchi shaxs, ya’ni mediator ko‘magida hal qilishning alternativ usulidir.
Mediatorlar xulqining Yevropa kodeksida«Mediatsiya - bu ikki yoki undan ortiq tomon ushbu tomonlarga nizoni sud qarorisiz kelishuv tartibida hal etishga yordam berish uchun uchinchi tomon - vositachini jalb qilishga rozilik berish orqali o‘tadigan istalgan jarayon», deya ta’rif berilgan.
Mediatsiya hayotdagi turli xil nizolarni tinchlik, muzokara va murosa yo‘li bilan hal etishning progressiv texnikasi sifatida insonning shaxsiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy hodisa. Mediatsiya zamonaviy bilim sohasi sifatida nizolarni hal qilishning eng qulay usullaridan biri sanaladi.
Mediator (vositachi) xolis, betaraf shaxs bo‘lib, tomonlarga yuzaga kelgan nizolarning o‘zaro manfaatli yechimini topishga ko‘maklashadi. Bu jarayonda nizolashayotgan tomonlar uchun zarur shart-sharoitlar ta’minlangan holatda o‘zaro munosabatlarni (oilaviy, kasbiy, ijtimoiy) saqlab qolishga va hamkorlik qilishga imkoniyat yaratiladi.
Nizo – odamlar, g‘oyalar yoki manfaatlar o‘rtasidagi munosabatlarda disgarmoniya (uyg‘unlikning, muvozanatning buzilishi), kelishmovchilik holati, qarama-qarshiliklar to‘qnashuvi. Nizo maqsad-muddaosi, fikrlari bir - biriga mos tushmaydigan tomonlar (odamlar, guruhlar) o‘rtasidagi munosabat, manfaatlar to‘qnashuvi, muammolarni hal etishning eng radikal (keskin) usuli bo‘lib, ushbu jarayonda har bir tomon faqat o‘zining manfaatini ko‘zlaydi. Tadqiqotchi N. Grishinaning ta’kidlashicha, nizolar o‘z davrining milliy, madaniy, ijtimoiy, mafkuraviy muammolari, qadriyatlari va xurofotlarini o‘zida aks ettiradi.[2]
Nizo shaxslar yoki ijtimoiy kuchlar to‘qnashuvi, kamida ikki tomonning manfaatlari, qarashlari, pozitsiyalari qarama-qarshiligi ko‘rinishida yuz beradigan o‘zaro ta’sir jarayonidir.
Nizoning asosiy tarkibiy elementlariga quyidagilar kiradi:
nizo tomonlari;
nizo predmeti;
nizoli vaziyatning tasviri;
nizo sabablari;
nizoli tomonlarning pozitsiyalari.
Nizo quyidagi ko‘rinishlarda yuz berishi mumkin:
muayyan masala bo‘yicha kelishuvning yo‘qligi;
turli jamoalar manfaatlarining qarama-qarshiligi;
axloqiy va huquqiy normalar o‘rtasidagi ziddiyatlar;
madaniy, etnik mojarolar;
biror masalada raqobat.
Mediatsiya ijtimoiy hayotning turli aspektlariga oid turli nizolarda qo‘llanilishi mumkin. Mediatsiya o‘tkazishning imkoniyati yo‘qligini bildiruvchi nomediabellik holatlari bundan mustasno hisoblanadi (Masalan, madaniy xususiyatlar, sud pretsedentining mavjudligi, jismoniy zo‘rlik, nizoning ko‘p sub’ektli ekanligi, uchinchi shaxs manfaatlarining ifodasi, ruhiy kasalliklar mavjudligi va h.).
Mediatsiya ijtimoiy hayotning turli sohalariga tatbiq etilishi mumkin:
biznes-kommersiya munosabatlari;
fuqarolik-huquqiy munosabatlari;
oilaviy munosabatlar;
ta’lim munosabatlari;
ijtimoiy-mehnat munosabatlari.
Oila mediatsiyasi. Oiladagi shaxslararo nizolar yechimiga hamda farzandlar, oila a’zolari bilan normal munosabatlarni saqlab qolishga qaratilgan.
Biznes-kommersiya mediatsiyasi. Xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida, biznes sohasidagi nizolarni yechimiga qaratilgan.
Ijtimoiy-mehnat nizolariga oid mediatsiya. Mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan ish beruvchi va xodimning o‘rtasidagi mehnat nizolarining yechimiga qaratilgan.
Sud mediatsiyasi. Sudlanuvchi va jabrlanuvchi, da’vogar o‘rtasidagi sud nizolarining yechimiga qaratilgan. Dunyo amaliyoti ushbu mediatsiyaning 85% muvaffaqiyatli yakun topishini ko‘rsatadi.
Tomonlarning bevosita munosabatga kirishishi, kirishmasligidan kelib chiqib mediatsiya ochiq, yopiq va aralash turga bo‘linadi.
Ko-mediatsiya. Ikki yoki undan ortiq mediatorlar ishtirokida bo‘lib o‘tishi mumkin.
Onlayn-mediatsiya. Tomonlar o‘rtasidagi nizoni ularning shaxsiy ishtirokisiz onlayn hal qilish mumkin bo‘lgan jarayon.[3] Uchrashuvlar virtual tarzda, video, telekonferensiyalar, Zoom (AQSHda joylashgan masofaviy konferens-aloqa shakli) orqali o‘tkaziladi. Internet orqali kirish mumkin bo‘lgan shifrlangan bulutli platformalar jarayonni osonlashtiriladi.
Onlayn mediatsiya orqali nizolarni hal qilish «haqiqiy» vositachilikning analogidir. Tomonlar umumiy sessiyani tanlashi mumkin, so‘ngra mediator ishtirokchilarni munozara xonasiga taklif qiladi.
Internetda nizolarni hal qilish AQSHda eng keng tarqalgan. 2003 yil holatiga ko‘ra ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlarning 76 veb-saytidan 43 tasi AQSHda, 4 tasi Kanadada, 20 tasi Yevropada, 5 tasi Avstraliyada joylashgan.
Mohira Xoliqova,
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi
«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, falsafa doktori, dotsent