Mediatsiya: muammo, taklif va yechimlar
Fuqarolarning moddiy xarajat va ortiqcha vaqt sarflashining oldini olishda hamda sudlarning ish yuklamasini kamaytirishda mediatsiya sohasining alohida o‘rni bor.
Mediatsiyani ommalashtirish va keng qo‘llash maqsadida qonunchilik hujjatlarida mediatsiyani sudgacha, sudda va ijro bosqichlarida qo‘llash mumkinligi, sudlarda mediativ kelishuv tuzilganda davlat boji qaytarib berilishi kabi imtiyozlar mavjud.
Adliya vazirligida “Mediatsiya sohasidagi muammo, taklif va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan ochiq muloqotda shu haqda so‘z yuritildi.
“Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun 2018 yil 3 iyulda qabul qilinib, 2019 yil 1 yanvardan kuchga kirgan.
Hozirda respublikamizda mingdan ortiq shaxslar Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich yildan-yilga ortib bormoqda.
Tadbirda mediatorlar tomonidan sudlar faoliyatida mediatsiya taomilini qo‘llashdagi ayrim masalalar, jumladan protsessual qonunchilik hujjatlarida mediatsiyaga oid normalarni takomillashtirish, O‘zbekistonda mediatorlarni tayyorlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Advokatlar, notariuslar tomonidan mediatorlik faoliyatini olib borishdagi ayrim muammolar, mediator faoliyatini tashkil etishning tashkiliy-huquqiy jihatlari kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Sudyalar, mediatorlar bevosita, shuningdek, onlayn shaklda ishtirok etgan tadbirda sohani yanada takomillashtirish, muammolar yechimi bo‘yicha hamkorlikda ishlash bo‘yicha fikr almashildi. Mediatsiyani zamon talablariga olib chiqish bo‘yicha takliflar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA