Mediasavodxonlik nima uchun muhim?
Mediasavodxonlik nima uchun kerak? Nega biz bugungi kunda axborotni saralab iste’molga qilishga majburmiz? Bizning axborot olishga ehtiyojimizdan kim qanday maqsadlarda foydalanmoqda? Ana shu kabi savollarga Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi 29,56-, Buvayda tumanidagi 13-maktablarda bo‘lib o‘tgan “O‘smir-yoshlar uchun mediasavodxonlik darslari”ida javob berildi.
Jurnalist Sharifa Madrahimova mashg‘ulotlarni yuqori sinf o‘quvchilari uchun tashkil etdi.
Ushbu mashg‘ulot mazmun-mohiyati o‘smir-yoshlarning mediasavodxonligini oshirishga, axborot asrining zamonaviy texnika va texnologiyalaridan unumli xamda samarali foydalanishlariga, axborot maydonlarining turlari, ba’zi axborotning xatarli ta’siridan himoyalanish ko‘nikmalarini shaxsiy tajribada shakllantirishga qaratilgan.
Uch soatlik mashg‘ulotlarda media-trener o‘quvchi-yoshlarga “Media nima”, “SPAM va uning xatarlari” kabi sessiyalari, “Kommunikatsiya” deb nomlangan interaktiv mashq, “Mobil qurilmada sifatli suratga olishni o‘rganamiz” nomli amaliy darslarni o‘tib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
– Medialoyihani fevral oyida onlayn tashkil etilgan Edyuton-2021 tanlovida xalqaro hay’at a’zolariga taqdim etdim. U ko‘pchilikka ma’qul keldi va ushbu loyihani tatbiq etishim uchun menga stipendiya ajratildi. Yurtimizda kechayotgan karantin vaziyati sababli loyiha barcha viloyatlarni qamrab ololmas edi. Lekin shunga qaramay O‘zbekiston bo‘yicha jami 120 nafar tinglovchini mazkur loyihaga jalb etish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Medialoyihani men va Toshkentda hamkasbim, xalqaro miqyosdagi mediatrener Muhayyo Saidova olib bordik. 120 nafar tinglovchidan 60 nafari Farg‘ona viloyatidagi 3 ta qishloq maktabidan, 60 nafari esa Toshkent shahridagi 3 ta maktabdan tanlab olindi. Ayni paytda Toshkent va Farg‘onada loyiha bo‘yicha ishlar qizg‘in kechmoqda, – deydi media-trener Sharifa Madrahimova.
M. Sulaymonov, O‘zA