Media-tur ishtirokchilari qahramon dalasida
Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari va ijodkorlar opaning dala shiyponida bo‘lishib, yuksak mukofot bilan tabriklashdi.
Mustaqilligimizning 28 yilligi bayrami arafasida Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari Lolaxon Murotova Prezidentimizning farmoni bilan “O‘zbekiston Qahramoni“ unvoni bilan taqdirlandi. Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari va ijodkorlar opaning dala shiyponida bo‘lishib, yuksak mukofot bilan tabriklashdi.
Shu yerda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev mehmonlar bilan suhbatlashdi, ularga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.
Joriy yilda farg‘onalik paxtakorlar mamlakatimizda birinchi bo‘lib paxta tayyorlash rejasini bajardi. Xususan, Lola opa Murotova boshchiligidagi fermer xo‘jaligida ham mo‘l hosil yetishtirilib, shartnoma rejasi ortig‘i bilan uddalandi.
– Fermer xo‘jaligimiz tasarrufida 500 gektar yer maydoni bo‘lib, uning 126 gektariga paxta ekkan edik, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova. – Barcha agrotexnik tadbirlarni maromida bajardik. Mana, o‘ylaganimizdan ham ko‘p hosil oldik.
Lola Murotova butun faoliyati davomida mamlakatimiz dehqonchiligi rivojiga samarali hissa qo‘shib, fermerlikda havas qilsa arziydigan natijalarga erishdi. U Markaziy Farg‘onaning cho‘l-dasht, qumloq yerlarida ish boshlaganida ko‘pchilik “ayol boshing bilan nima qilasan, qumloq joylardan yer olib, manaman degan erkaklar ham bu yerlarni olishga botina olmadi. Ko‘rasan, bu qumloq yerlar seni yutib yuboradi” deyishgan edi. Lekin mehnatda toblangan Lola opa bu gaplarga quloq tutmay, yeng shimarib, astoydil ishga kirishishni afzal bildi. Gektaridan bazo‘r 7-8 sentner hosil beradigan yerni epaqaga keltirish uchun huzur-halovatidan kechdi. Mehnatlari besamar ketmadi. Opa bugun mana shu cho‘l hududdagi yerdan g‘alladan 70-80 sentner, paxtadan 40-45 sentner hosil olish mumkinligini isbotladi. Shiypondagi mo‘jazgina bog‘, shinam ayvonlar, oshxona, hammom, xullas, zamon talabiga mos barcha sharoitlar ishchilar ixtiyorida. Ular erishayotgan muvaffaqiyatdan ruhlanib, yanada shijoat bilan mehnat qilmoqda.
Ha, bugun Lola Murotovaning yutuqlari har qanday insonning havasini keltiradi.
Dala shiyponida bo‘lib o‘tgan muloqotda qahramon opaning fidokorona mehnati yana bir bor e’tirof etildi.