Media-markaz ish boshlashga tayyor (+video)
Joriy yil 27-30 iyun kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Zominsoy” dam olish majmuasida II xalqaro maqom san’ati anjumani bo‘lib o‘tishi haqida avval xabar bergan edik.
Ana shu xalqaro ahamiyat kasb etuvchi nufuzli anjumanda dunyoning 40 dan ortiq davlatidan ishtirokchilar, 70 dan ziyod davlatidan mehmonlar va, albatta, xorijiy, markaziy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari kelishi ham nazarda tutilgan.
Yana ikki kundan so‘ng boshlanajak ushbu anjumanga Zomin tumanida so‘nggi tayyorgarlik ishlari qizg‘in bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Jizzax viloyati hamda Zomin tumani hokimliklari va mutasaddi idoralar hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu xalqaro anjuman tumandagi “Zominsoy” dam olish majmuasida yangidan barpo etilgan amfiteatrda o‘tkaziladi.

Bugun sizga namoyish etmoqchi bo‘lgan videolavhamizda aynan ushbu nufuzli festivalni bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritishga mas’ul bo‘lgan ommaviy axborot vositalarining anjuman davomida faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
OAV vakillari uchun tashkil etilgan Media-markaz festivalning asosiy tadbirlari o‘tadigan amfiteatrning janubiy- g‘arbiy tomonida qad rostlagan “Milliy market” binosining 2-qavatida joylashgan bo‘lib, OAV vakillari o‘sha binodan turib barchasi kaftdek ko‘rinib turgan festival jarayonlarini bemalol uning oynalaridan kuzatishlari ham mumkin. Yoki asosiy tadbirlar o‘tadigan amfiteatrga 50-60 metr tushib kelib, bemalol anjumanni tomosha qilishi, reportajlar tayyorlashi, ishtirokchilar bilan suhbatlar uyushtirishi, betakror maqom san’ati namoyishlaridan lavhalar tayyorlashi mumkin bo‘ladi.

Media-markaz uchun ajratilgan xonada 20 ta monoblok o‘rnatilgan, bu yerga internet tarmog‘i tortilgan. Qisqa qilib aytganda,ushbu zalda o‘tirib dunyoning xohlagan nuqtasi bilan internet tarmog‘i orqali ulanish imkoniyati mavjud.
Bulardan tashqari, markazda 30-40 kishi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazish uchun alohida, 15-20 kishilik davra suhbatlari tashkil etish uchun alohida joylar qilingan bo‘lib, jurnalistlar uchun barcha sharoit yaratilgan.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/69dJvgipbIY" title="Media-markaz ish boshlashga tayyor" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>II xalqaro maqom san’ati anjumanini aks ettiruvchi pannolar va Media-markazni anglatuvchi plakatlar ushbu zal ichkari va tashqarisiga ilinib, markaz faoliyatini boshlashga tayyor holatga keltirilgan.
Abdujalol Qayumov (video),
O‘zA muxbiri