“MED-EL” kompaniyasi koxlear implantatsiya uchun jarrohlik yechimlar majmuasini taqdim qiladi
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Abdumannon Abduqayumov boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyasining Avstriyaga safari chog‘ida Yevropaning eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri — Vena tibbiyot universiteti bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, kadrlar tayyorlanadi va malakasi oshiriladi. Ya’ni, o‘zbek shifokorlari uchun Venada Fellowship o‘quvlari va stajirovkalar tashkil etiladi. Avstriyalik professorlarning Toshkentga tashrifi tashkil qilinadi.
Vena tibbiyot universiteti tarkibidagi Medical University of Vienna International (MUVI) va St. Anna Bolalar shifoxonasi bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish, shu jumladan, sifat menejmenti tizimlari, bemor xavfsizligi asoslari va klinik boshqaruv mexanizmlarini joriy etishda hamkorlik qilinadi.
Bundan tashqari, tashxislash va davolashning Yevropa protokollari hamda standartlarini yurtimizda joriy etish masalasi ham qamrab olingan. Shuningdek, O‘zbekiston pediatriya xizmati amaliyotiga Yevropaning yetakchi kasbiy jamiyatlari tavsiyalariga tayangan klinik protokol va standartlarni izchil tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Memorandumning imzolanishi Pediatriya markazining xalqaro ilmiy va klinik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Ma’lumot uchun, Vena tibbiyot universiteti Yevropa va dunyodagi eng qadimgi, yirik va nufuzli oliygohlardan biri hisoblanadi. Ushbu ta’lim muassasasi tarkibida Avstriyaning eng yirik akademik tibbiyot markazi — Vena universiteti klinikasi bo‘lib, ta’limni klinik amaliyot bilan birlashtirgan yetakchi tadqiqot markazi hisoblanadi.
Shuningdek, tashrif doirasida eshitish implantlarini ishlab chiqarish borasida jahonda yetakchi bo‘lgan “MED-EL” kompaniyasi bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Natijada koxlear implantatsiya uchun zamonaviy yuqori aniqlikdagi jarrohlik yechimlar majmuasining markazga taqdim qilinishiga kelishib olindi.
Ushbu majmua Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlariga hali olib kelinmagan va Pediatriya markazi mintaqada unga ega bo‘lgan birinchi tibbiyot muassasasiga aylanadi.
Bu bolalardagi og‘ir sensonevral eshitish qobiliyati pasayishida eshitishni protezlash milliy dasturini Yevropaning yetakchi markazlari darajasiga ko‘tarish, operatsiyalarning maksimal darajada xavfsizligini ta’minlash va qoldiq eshitishni saqlab qolish imkonini beradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA