Mebellarimizga xorijliklar havas qilmoqda
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 8-avgustdagi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori kichik biznes subyektlarining mahsulot ishlab chiqarish hajmini kengaytirishi, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 8-avgustdagi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori kichik biznes subyektlarining mahsulot ishlab chiqarish hajmini kengaytirishi, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.Mebelsozlik tarmog‘i rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida zamonaviy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan sifatli va bejirim uy-ro‘zg‘or, oshxona, ofis, maktab mebellari bozordan mustahkam o‘rin egallamoqda.
Korxonalar taklif qilayotgan keng turdagi yuqori sifatli, bejirim va ko‘rkam mebellar xalqimizning hayot darajasi va sifatini tobora yuksaltirib, xonadonlarimizga ko‘rk, shinamlik va qulaylik baxsh etmoqda. Mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi oshayotgani tufayli tarmoqda har yili yuzlab yangi ish o‘rni ham yaratilmoqda.
Bozorlarda "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" degan yozuv tushirilgan mebel mahsulotlarining ko‘pligi, xilma-xilligini ko‘rib quvonasiz. Tanlash imkoniyati juda keng. Mebel do‘konlaridan birida mebel to‘plamlari xarid qilayotgan Jamshid Xolov o‘z taassurotlarini baham ko‘rdi:
– Sifatli va bejirim jihozlarni tanlab, xarid qilish imkoniyati kengayib borayotganidan xursandmiz. Yoshi ulug‘larimiz yaxshi biladi, mustaqillikdan avval yurtimizga mebel faqat xorijdan keltirilar, tanlash imkoniyati ancha chegaralangan edi, – deydi u. – Hozir vaziyat umuman boshqacha. Qaysi mebel do‘koniga kirmang, mahalliy mahsulotlarimiz ko‘zni quvontiradi. Xorijning bir necha barobar qimmat mahsuloti o‘rniga yurtimizda ishlab chiqarilayotgan xuddi shunday sifatli mahsulotni arzon narxda olganga nima yetsin?!
Poytaxtimizdagi “Keng makon” mas’uliyati cheklangan jamiyati mebelsozlik sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan korxonalardan. Mazkur korxonada mehmonxona, bolalar xonasi, yotoqxona, oshxona, ofis mebellari va boshqa turdagi jihozlar ishlab chiqarilmoqda. Mebel modullari osongina jamlanadi. Xaridorlar o‘z didi va talabiga ko‘ra to‘plam qilib xarid qilishi yoki dizaynerlar tayyorlagan garniturni tanlashi mumkin. Korxona mijozlarga o‘z istaklarini ro‘yobga chiqarishi va uyini o‘ziga xos tarzda jihozlashiga imkoniyat yaratadi.
«Keng makon» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyatini avtomobillarning o‘rindiqlariga qoplama ishlab chiqarishdan boshlagan. Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan qulaylik va imtiyozlar natijasida yil sayin korxonaning ishlab chiqarish salohiyati kengaydi. Mahsulot turlari ancha ko‘paydi. Hozir yuzga yaqin ishchi mehnat qilayotgan korxonada qariyb 150 turdagi mebel tayyorlanmoqda. Korxona qoshida ikkita savdo do‘koni faoliyat yuritayotgani mijozlarga yanada qulaylik yaratmoqda.
Joriy yilda “Ipak yo‘li” banki Toshkent shahar filialidan olingan 170 ming yevro miqdoridagi kredit evaziga korxonaga zamonaviy dastgohlar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Bu ishlab chiqarish hajmini oshirib, tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifatini yanada yaxshilaydi.
Korxona 2000-yildan buyon eksport bilan shug‘ullanmoqda. «Lion», «Skarlet», «Vivaldi», «Venetsiya» kabi yotoqxona jihozlari qulayligi, zamonaviyligi va dizayni bilan xorijlik mijozlarga ham manzur bo‘layotir.
Mahsulot sifati va qulayligiga alohida e’tibor qaratilayotgan korxona mebellari mahalliy xomashyo asosida tayyorlanmoqda. Bunda tayyorlanayotgan mebelning dizayni, rangi va chidamliligi zamonaviy talablarga mos kelishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili 4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
– Korxonamizda zamonaviy texnologiyalar yordamida detallarni yig‘ishda va yog‘ochga ishlov berishga mas’uliyat va aniqlik bilan yondashiladi, – deydi yog‘ochga ishlov berish sexi ishchisi Sa’dulla Ubaydullayev. – Mahsulot tayyorlash jarayonining barcha bosqichi yong‘in va texnik xavfsizligi me’yorlariga rioya qilingan hamda sifati sinchkovlik bilan tekshirilgan holda bajariladi.
Keyingi ikki yilda yigirmaga yaqin kasb-hunar kolleji bitiruvchisi korxonaga ishga olindi.
Korxona «China International Furniture Expo», «Turkey Furniture» va boshqa nufuzli xalqaro mebel ko‘rgazmalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
– Bularning barchasi mamlakatimizda xususiy biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir, – deydi korxona iqtisodchisi Hikmat Rahimov. – Faoliyatimizning dastlabki davridanoq buyurtmachilar fikri, xaridorlar didi, istagi va ehtiyojini o‘rganishga alohida e’tibor qaratdik. Shu asosda mahsulot sifatini yaxshilash va turlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rdik. Mahsulotlarimizning xaridorga manzur bo‘layotgani bizni yanada ko‘proq izlanishga undamoqda.
Mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida samarali mehnat qilayotgan mazkur korxona jamoasi ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi ehtiyojlariga mos hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha harakat qilmoqda.