MDH maydonida O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligi
O‘zbekistonning MDH makonidagi tashqi siyosatida iqtisodiy pragmatizm va transport-logistika manfaati tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Markaziy Osiyodan tashqaridagi muhim sheriklarimiz qatorida Ozarbayjon Respublikasi alohida o‘rin tutadi. Bu jarayon avvalo Kaspiy orqali Yevropaga chiqish, energetika sohasidagi kooperatsiya, hamda tranzit va sanoat hamkorligi bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda Toshkent – Boku munosabati do‘stlik va sheriklik formatidan amaliy iqtisodiy integratsiya bosqichiga o‘tayotgani kuzatilmoqda.
Ikki davlat rahbarlari o‘zaro muloqotda hamkorlikni kengaytirish, transport yo‘laklari va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish masalasini muntazam muhokama qilmoqda. Ushbu jarayon O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarini geosiyosiy jihatdan ham muhim formatga olib chiqmoqda. Boshqacha aytganda ikki davlat Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi ko‘prik rolini bajara boshladi.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil o‘zaro savdo aylanmasi 200 million dollarga yaqinlashgan. Ozarbayjon Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotida 2025-yil ham ikki tomonlama savdoda o‘sish tendensiyasi saqlanib qolgani, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi izchil oshgani qayd qilingan. Binobarin, tahlil ko‘rsatadiki, oldi-sotdi ko‘payishiga qaramay, savdo tarkibi hali yetarli darajada mukammallashmagan. Asosiy ulushni neft va kimyo sanoati mahsulotlari, oziq-ovqat, yengil sanoat mollari tashkil etmoqda.
Shu nuqtai nazardan ikki davlat uchun asosiy vazifa savdo aylanmasini mexanik ravishda oshirish emas, balki sifatni o‘zgartirish. Ya’ni:
- qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulot ulushini oshirish;
- umumiy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- tashqi bozorlarga birga chiqish.
Mutaxassislar fikricha, shu bosqich amalga oshsa, o‘zaro savdo munosabati yangi darajaga ko‘tariladi.
Kaspiy orqali yangi iqtisodiy geografiya shakllantirayotgan O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatida transport va logistika sohasi ham strategik yo‘nalish hisoblanadi. Bu yerda gap nafaqat ikki davlat o‘rtasida yuk tashish, balki butun Yevrosiyodagi yangi tranzit yo‘laklarini kengaytirish haqida ketyapti.
Ozarbayjon Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Boku porti orqali o‘tadigan yuk hajmi sezilarli darajada oshgan va Kaspiy orqali tashish Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi doirasida rivojlanmoqda. O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega mazkur yo‘lak mamlakatga Rossiyaga bog‘liq bo‘lmagan eksport yo‘nalishi orqali Yevropa bozoriga chiqish hamda tranzit diversifikatsiyasi imkonini oshiradi.
Ikki qardosh xalq hamkorligida energetika sohasi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Neft va gaz resuri boy davlat sifatida respublikamiz uchun muhim energetik sherik hisoblanadigan Ozarbayjon neft-gaz infratuzilmasi orqali Yevropa bozoriga energiya resurslari yetkazib bermoqda. Ushbu davlat Energetika vazirligi tahliliga ko‘ra, bu O‘zbekiston uchun energetika bozorini diversifikatsiya qilish, texnologiya hamkorligi va qayta tiklanuvchi energiya sohasida tajriba almashish imkoniyati bilan ahamiyatli.
Ikki davlat o‘rtasida “yashil energiya” sohasidagi hamkorlik masalasi ham muhokama qilinmoqda. Mutaxassislar fikricha, kelgusida bu yo‘nalish O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatida yangi drayverga aylanishi mumkin.
Neft’-kimyo, to‘qimachilik va qishloq xo‘jalagi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida ham hamkorlik kuchayib boryapti. 2024-yil ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida qator biznes-forumlar o‘tkazilib, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.
Mutaxassislar ayni jarayon birinchidan iqtisodiy munosabat savdodan sanoatga o‘tayotgani, ikkinchidan qo‘shma korxonalar orqali uzoq muddatli iqtisodiy bog‘liqlik shakllanayotanini muhim tendensiya sifatida baholaydi. Agar transport va sanoat kooperatsiyasi loyihalari izchil amalga oshirilsa, O‘zbekiston – Ozarbayjon sherikligi MDH makonidagi eng dinamik va strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin.
Dilshod Hakimov, O‘zA