MDH maydonida O‘zbekiston – Armaniston hamkorligi
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi maydonida Yangi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosati odatda yirik savdo sherikligi, ulkan bozor yoki tranzit imkoniyati bilan o‘lchanadi. Shu nuqtai nazardan Armaniston bir qarashda asosiy hamkorlarimiz qatorida ko‘rinmasligi mumkin. Binobarin, tahlilchilar O‘zbekiston – Armaniston munosabatini hajman yirik bo‘lmasa-da, tarkiban qiziqarli sheriklik modeli sifatida ko‘rishadi.
Bu yerda gap an’anaviy xom ashyo savdosi emas, balki farmatsevtika, tibbiy uskunalar, axborot texnologiyalari, konsalting, turizm va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan bog‘liq institutsional logistika kabi yo‘nalishlar haqida ketmoqda. Zero, Armaniston Toshkent uchun bir tomondan Kavkazga chiqish nuqtasi, ikkinchi tomondan YeOII ichidagi amaliy sherik sifatida ahamiyat kasb etadi.
Savdo o‘sishi sur’ati
Armaniston TIV ma’lumotiga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi umumiy tovar aylanmasi 2020-yil 7,6 million, 2021-yil 13,4 million, 2022-yil 27,7 million, 2023-yil 35,6 million, 2024-yil esa 35,2 million dollarni tashkil qilgan. 2025-yil yanvar-may oylarida bu ko‘rsatkich 15,7 million dollarga teng bo‘lgan. Ya’ni, 2020-2024-yillar oralig‘ida savdo qiymati qariyb to‘rt yarim barobar oshgan. Bu raqamlar ikki xulosaga olib keladi. Birinchisi – yo‘nalishlar hali ko‘p emas. Ikkinchisi – tomonlar dastlabki o‘sish bosqichidan o‘tib bo‘lgan.
Tahlilda yana bir muhim jihat ko‘rinadi. O‘tgan yil yanvar-may oylarida Armaniston eksporti 4,9 million, importi 11,5 million dollar bo‘lgan. 2024-yil eksport 12,5 million, import esa 22,8 million dollar darajasida qayd etilgan. Demak, hozirgi bosqichda savdo muvozanati Armaniston nuqtai nazaridan manfiy, O‘zbekiston nuqtai nazaridan esa nisbatan qulay. Bu mamlakatimiz uchun mazkur yo‘nalish hali iste’mol yoki logistika bozori emas, balki eksport va sohaviy kirish maydoni ekanini ko‘rsatadi.
Ikki tomonlama savdo tarkibida aniq sohaviy mantiq bor. O‘zbekiston sherik davlatga ko‘proq yengil sanoat, kimyo va elektrotexnika unsurlari bilan kirib bormoqda, Armaniston esa farmatsevtika va tibbiyot yo‘nalishida nisbatan yuqori qo‘shilgan qiymatli segmentda qatnashmoqda. Armaniston TIV hisobotida asosiy import tovarlari sifatida to‘qima mato, shisha mahsulotlari, paxta ipi, bino va yer uchastkalarini isitadigan va boshqa turdagi elektr jihozlari, sulfat, persulfat va kislota keltirilgan. Eksportda esa dori vositalari, tibbiy uskuna, ho‘l va qadoqlangan meva, yong‘oq, qon zardobi, vaksina, mitti organizm va etil spirti ustuvor. Bu ro‘yxat o‘zaro savdo tasodifiy emasligini ko‘rsatadi.
Qayd etish joiz, kelajakdagi asosiy masala savdo hajmini ko‘r-ko‘rona oshirish emas, balki aynan mavjud tovar tuzilmasini tarmoqlararo kooperatsiyaga aylantirishdir. Masalan, agar hozir dori vositalari va tibbiy jihozlar ayirboshlanayotgan bo‘lsa, keyingi bosqichda farmatsevtika klasteri, distributsiya markazi yoki litsenziyalangan qo‘shma ishlab chiqarish masalasi kun tartibiga chiqishi tabiiy. Xuddi shunday, elektr jihozlari va to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha ham savdodan sanoat kooperatsiyasiga o‘tish imkoni mavjud.
Yangi o‘sish nuqtasi
Savdo statistikasi hali salmoqli bo‘lmasa, munosabatlar yangi drayverini an’anaviy tarmoqlar emas, balki tashqaridan izlash kerak. Shu jihatdan IT va autsorsing eng istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘riladi.
“IT Park Uzbekistan” ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasining Armanistonga tashrifi davomida “Miro” va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Tomonlar mavjud yechimlarni mamlakatimiz IT sektoriga integratsiya qilish, qo‘shma loyiha ishlab chiqish va korxonaning respublikamiz bozoriga kirish ehtimolini muhokama qilgan. “KerPak” asoschisi bilan startap va IT tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha muzokara o‘tkazilgan. “CodeAcademy” bilan esa dasturlash va texnik kadr tayyorlash orqali eksport salohiyatini oshirishga doir hamkorlik imkoniyati tahlil qilingan. Xabarda qator kompaniyalar “IT Park Uzbekistan” bilan uzoq muddatli sheriklik o‘rnatish, yurtimizda filial ochish imkoniyatini o‘rganayotgani ham qayd etilgan.
Shuningdek, “Ameria Advisory” bilan xorijiy investitsiya jalb qilish, IT, qayta tiklanuvchi energiya, yuqori texnologiya va telekom sohasida tajriba almashish, “Quantori” bilan Markaziy Osiyoda biotexnologiya va farmatsevtika uchun raqamli xizmatni kengaytirish bo‘yicha muzokara olib borilgan. Demak, Armaniston bilan hamkorlik jarayonida IT shunchaki soha emas, balki farmatsevtika, tibbiy texnika va yuqori texnologiyani qo‘llab-quvvatlaydigan gorizontal infratuzilma sifatida ko‘rilyapti.
Shu ma’noda aynan raqamli xizmat, KPO/BPO, medtech-IT va startap almashinuvi ikki davlat iqtisodiy aloqalarida yangi drayverga aylanishi ehtimoli kuchli.
Xullas, O‘zbekiston – Armaniston munosabatlari hozircha MDH maydonida asosiy yo‘nalish emas. Binobarin, aynan shu bois mavzu strategik jihatdan qiziq. Bu jarayonda hajm, miqdor emas, tarkib va salohiyat muhim. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston – Armaniston aloqalarini shunchaki “kichik savdo sherikligi” deya baholash to‘g‘ri emas. Tahlilchilar bunday sheriklikni hajman kichik, sifat nuqtai nazaridan esa muhim hisoblangan farmatsevtika, IT, konsalting, turizm va YeOII institutsional muhiti bilan bog‘liq yangi formatdagi munosabat, deb baholaydilar.
Dilshod Hakimov, O‘zA