MDH makonida O‘zbekistonning ko‘p tomonlama madaniy diplomatiyasi
O‘zbekiston MDH tashkil topgandan buyon a’zo davlatlar bilan turli yo‘nalishlarda samarali hamkorlik qilib, ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni faol rivojlantirib kelmoqda.
Ayniqsa, so‘ngi yillarda mamlakatimiz MDH davlatlari bilan madaniy aloqalarni yuksak darajaga olib chiqishga alohida e’tibor qaratmoqda. Zero, madaniy muloqot xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, o‘zaro tushunish va hurmatni mustahkamlaydigan muhim omildir. MDH davlatlari tarixan, madaniy va ma’naviy jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyat mavjud.
O‘zA muxbiri MDH makonida O‘zbekistoning ko‘p tomonlama madaniy diplomatiyasi, strategik yondashuv va amaliy natijalar xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ma’muraxon Asrorxo‘jayeva bilan suhbatlashdi.
– Aytingchi, MDH davlatlari uchun madaniy muloqot qay darajada muhim va bugungi kunda ushbu aloqlar qanday rivojlanyapti?
– Darhaqiqat, xalqaro munosabatlarning nihoyatda murakkab davrida, o‘zaro ishonch yemirilishi kuzatilayotgan sharoitda ko‘p tomonlama madaniy diplomatiya davlatlar hamkorligini mustahkamlovchi juda muhim omilga aylanmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makonida madaniy hamkorlikni rivojlantirishni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda tizimli va maqsadli faoliyat olib boryapti. Bu jarayon ko‘p tomonlama madaniy diplomatiyani kuchaytirish, milliy madaniyatni xalqaro maydonda ilgari surish va mintaqaviy gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi ochilish marosimidagi nutqida ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida uyg‘unlik ko‘prigi, barcha uchun ochiq va konstruktiv hamkorlik maydoni bo‘lishga hamisha tayyor”.
Umuman, respublikamizning MDH doirasidagi madaniy diplomatiyasi faqat an’anaviy madaniy almashinuv bilan cheklanib qolmay, institutsional va strategik yondashuv asosida ham rivojlanmoqda.
– Mamlakatimiz MDH davlatlari bilan madaniy aloqalarni kengaytirish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirmoqda?
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston MDH davlatlari bilan madaniy hamkorlikni kengaytirish maqsadida qator yirik tadbirlarga mezbonlik qildi. Xususan, Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan nufuzli anjumanlar, Buxoro va Xivada tashkil etilayotgan madaniyat kunlari, shuningdek “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va boshqa tadbirlar mintaqalararo madaniy aloqani mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“MDH madaniy poytaxti” loyihasi ham madaniy hamkorlikning yangi formati sifatida e’tiborga molik. Mazkur tashabbus doirasida turli mamlakatlarda milliy madaniyatni namoyish etish, ijodiy almashinuvni rivojlantirish va madaniy turizmni rag‘batlantirish imkoniyati kengaymoqda. Masalan, 2024-yil Samarqand shahri MDH madaniy poytaxti maqomida a’zo mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlarga mezbonlik qildi.
Madaniy hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi – ijodiy industriya. Ya’ni, teatr va kino sohasida qo‘shma loyihalar, musiqiy festivallar va gastrol safarlari orqali madaniy almashinuvning amaliy mexanizmi shakllanmoqda. Bu jarayon, o‘z navbatida, milliy madaniyatlarni o‘zaro boyitish va yangi ijodiy g‘oyalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, Madaniyat vazirligi tomonidan muntazam ravishda MDH davlatlari bilan aloqani rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma dasturlar, forumlar va konferensiyalar tashkil etilmoqda.
Tabiiyki, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ham faol rivojlanyapti. Jumladan, YUNESKO bilan hamkorlik doirasida madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib etishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilyapti. Samarqand shahrida YUNESKO tadbirlari o‘tkazilishi esa mamlakatimizning xalqaro madaniy markaz sifatidagi nufuzini yanada oshirdi. BMTning ushbu tuzilmasi nomoddiy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga MDH davlatlari bilan qo‘shma nomzodlar taqdim qilinmoqda. Madaniy hamkorlik kuchayishi MDH makonida integratsiya jarayonini rag‘batlantiradi. Xususan, gumanitar sohadagi yaqinlashuv o‘zaro ishonchni mustahkamlash va iqtisodiy hamkorlik uchun qulay muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Demak, madaniy diplomatiya nafaqat madaniy aloqalarni rivojlantirish, balki keng ma’noda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash vositasi o‘laroq namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston esa ushbu jarayonda faol tashabbuskor sifatida tanilib ulgurdi.
– Mazkur davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun qanday yangi loyihalar taklif qilgan bo‘lar edingiz?
– Hozir MDH doirasida san’at, kino, teatr va musiqa sohalaridagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Turli festivallar, ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni kuchaytiradi.
Madaniy muloqotni yanada rivojlantirish uchun xalqaro festivallarni ko‘paytirish, yoshlar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, turizmni rivojlantirish orqali xalqlarni yaqinlashtirish, onlayn madaniy loyihalar tashkil etish singari qator takliflarni ilgari surish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning MDH makonidagi madaniy faoliyati institutsional asosga ega, strategik maqsadga yo‘naltirilgan va amaliy natija bilan mustahkamlangan jarayon sifatida namoyon bo‘lmoqda. 35 yilni qarshilagan bu hamkorlik mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, milliy madaniyatni global darajada tanitish va mintaqada barqaror gumanitar makon shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.