May oyida qayta tiklanuvchi energiya hajmi 1,2 milliard kVt⋅soatdan oshdi
Yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar natijasida “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi izchil o‘sib bormoqda. Joriy yil may oyi yakunlari ham ushbu yo‘nalishda ijobiy natijalar qayd etilganini ko‘rsatdi.
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026-yil may oyida mamlakatdagi yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 1 milliard 231,1 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,3 million kVt⋅soatga yoki 9,5 foizga ko‘pdir.
Ushbu oyda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 882,8 million kVt⋅soati quyosh fotoelektr stansiyalari ulushiga, 348,3 million kVt⋅soati esa shamol elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Natijada energiya resurslaridan samarali foydalanishga erishilib, 328 million metr kub tabiiy gaz tejaldi. Shuningdek, atmosferaga 707 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.
Taqqoslash uchun, 2025-yil may oyida quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 1,1 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 6 million xonadonning bir oylik yoki 512 mingta xonadonning bir yillik me’yoriy ehtiyojini qoplash imkonini beradi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA