Maxtumquli Firog‘iy pokiza insoniy tuyg‘ular, erk va haqiqat, tinchlik va do‘stlik kuychisi, satrlari xalqimiz ko‘ngliga musiqiy ohanglarga uyg‘un bo‘lib singib ketgan betakror ijodkor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Bu jihatlar ayni kunlarda tobora yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
Poytaxtimizda shoir xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, ijodini targ‘ib etishga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar baland ruhda bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Toshkent shahrining Maxtumquli ko‘chasida davlat va jamoat arboblari, Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov, Turkman milliy madaniyat markazi va diplomatik korpus vakillari, qardosh yurtdan kelgan mehmonlar, yozuvchi-shoirlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari to‘planib, shoirning yodgorlik lavhasi poyiga gullar qo‘ydi. Maxtumquli she’riyatining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, mehmonlar, yozuvchi-shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, talaba va o‘quvchilar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Teatr foyesida Maxtumquli Firog‘iyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar hamda tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. O‘zbek va turkman milliy kuy-qo‘shiqlaridan namunalar ijro etildi. Tantanali tadbirda o‘zbek va turkman xalqlarining rivojlanib borayotgan azaliy do‘stligi va qardoshligiga bag‘ishlangan videolavha namoyish qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek Maxtumquli ijodi, asarlarining ahamiyati, ikki qardosh xalq o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan adabiy-madaniy, ma’rifiy-ilmiy munosabatlar xususida atroflicha to‘xtaldi.
Tantanali kechada e’tirof etilganidek, bu yil turkman xalqining faxri Maxtumquli Firog‘iy tavalludiga 300 yil to‘ldi. Alloma shoir butun dunyo ahlining, jumladan, o‘zbek xalqining ham eng sevimli shoiridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 19 fevralda “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Tadbirda mazkur qaror ijrosi va uning ma’naviy hayotimizdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Ushbu qaror ijrosi doirasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. TURKSOY xalqaro tashkiloti 2024 yilni “Maxtumquli yili” deb e’lon qildi. Mustaqillik yillarida shoir she’rlarining yangi tarjimalari paydo bo‘ldi. Xususan, taniqli shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek Maxtumqulining 170 ta, asosan ilgari hukmron mafkura yo‘l qo‘ymagan diniy-tasavvufiy mazmundagi she’rlarini ilk bor ona tilimizga o‘girib, chop ettirdi. Bu kitob ham “Saylanma” deb atalib, undan tarjimonning “Maxtumquli – valiy shoir” degan kirish maqolasi ham o‘rin olgan.
Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim Maxtumqulining otasi, shoir Ozodiyning g‘azallarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, chop ettirgan. 2017 yil 19 mayda Toshkentda ulug‘ turkman shoiri Maxtumqulining haykal-barelefi ochildi. Shu munosabat bilan haykal joylashgan ko‘chaga Maxtumquli nomi berildi. Maxtumquli haykal-barelefi muallifi iste’dodli yosh haykaltarosh Jasvand Annazarovdir.
–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida 2022 yilda chop etilgan “Turkiy adabiyot namunalari” 100 jildlik muhtasham asarlar majmuasining 9 ta jildi turkman adabiyotiga ajratilgan bo‘lib, unda turkman mumtoz adabiyotidan to bugungi kunda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilar asarlari o‘zbek tiliga tarjima asosida kiritilgan, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Turkmaniston adabiyotiga ajratilgan jildlar Ozodiy g‘azallari bilan boshlanadi. Turkman mumtoz adabiyotidan Mullanafas, Maxtumquli, Andalib, Zaliliy, Kamina, Oshiqiy, XX asr adabiyotidan Xidir Deryayev, Berdi Kerboboyev, Qayum Tangriquliyev, Oraz Yag‘mur, Otajon Tog‘on romanlari kiritilgan. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, Maxtumquli o‘zbekning ham o‘z shoiridir.

–Maxtumqulining badiiy tafakkuri, ezgu so‘zlari bugun ham yashamoqda, – dedi Kinematografiya agentligi direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev. – Prezidentimizning Maxtumquli o‘zbekning ham o‘z shoiri ekaniga oid e’tiroflari ayni haqiqat. Bugun har bir o‘zbek xonadonida shoirning so‘zlari, otashin satrlari Komiljon Otaniyozov, Sherali Jo‘rayev, Kamoliddin Rahimov singari buyuk san’atkorlarning qo‘shiqlari orqali yangramoqda. O‘zbek kinochilari turkmanistonlik hamkasblari bilan birga Maxtumquliga bag‘ishlangan murakkab postanovkali film yaratdilar. Rejissyor Muzaffarxon Erkinov tomonidan suratga olingan ushbu filmning premerasi O‘zbekiston va Turkmanistonda bo‘lib o‘tadi.
2024 yil 3 may kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Maxtumquli Firog‘iy – o‘zbek va turkman xalqlarining umumiy merosi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Maxtumquli Firog‘iyning “Tanlangan asarlar”i hamda uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plami nashr etildi. Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida O‘zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida Maxtumquli Firog‘iyga bag‘ishlangan badiiy film suratga olindi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan ko‘rgazmalar tashkil etildi.
2024 yil 11 oktyabr kuni Turkmanistonda Maxtumqulining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi" esdalik medali bilan taqdirlandi. Davlatimiz rahbari turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga Maxtumqulining o‘zbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari to‘plamini sovg‘a qildi.

Maxtumquli tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan esdalik medali bilan shuningdek, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va adabiyotshunos olim, professor Bahodir Karim ham taqdirlandi.
Aytish kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan mazkur qaror asosida olib borilayotgan ezgu ishlar o‘zbek va turkman xalqlari adabiyoti, ma’rifatidagi hamohanglikning, mustahkam adabiy rishtalarimizning yana bir yorqin namunasidir.
Tantanali adabiy tadbirda ikki qardosh xalqning talaba-yoshlari Maxtumquli Firog‘iyning do‘stlik va birodarlik fazilatlari ulug‘langan she’rlaridan namunalar o‘qidi.
Maxtumquli Firog‘iy she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlardan iborat katta konsert dasturi namoyish etildi. Atoqli shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi ijro qilindi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri