O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Jahon adabiyotining benazir siymolaridan biri, turkman xalqining buyuk shoiri, ilohiy ishq kuychisi, oshiq va orif zot Maxtumqulining “Tanlangan asarlar” o‘zbek kitobxonlari uchun yana bir ajib tufhadir.
Benazir shoirning ushbu kitobi uning 1983, 1994-1996 yillarda “Turkmaniston” nashriyotida chop etilgan ikki va uch jildlik saylanma asarlaridan tanlab olingan. Kitob yangi tarjima va tabdil etilgan asarlar bilan boyitilgan.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Maxtumquli asarlari eng ko‘p nashr qilinadigan va o‘qiladigan mamlakatlardan biri.
“Yurtimizda mumtoz shoirning she’rlari va ular asosida yaratilgan qo‘shiqlar kirib bormagan biror-bir xonadon, uning nomini bilmaydigan biror-bir o‘zbek topilmaydi. Maxtumquli asrlar mobaynida xalqimizning o‘z shoiriga aylangan. Uning she’rlari o‘zining teran falsafiy ma’nosi, xalqona ruhi, yuksak badiiyati bilan baxshi va hofizlarimiz, shoirlarimizga ilhom bag‘ishlab, hamisha davralarda yangrab, el-yurtimiz qalbida yashab keladi” – deydi buyuk shoir haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Turkman tilidan tabdil etib, o‘zbek tiliga muvofiqlashtiruvchi, so‘zboshi, lug‘at va izohlar muallifi – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, faxriy professor, Mirzo Kenjabek.
Mas’ul muharrir – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri, Davlat mukofoti sohibi Sirojiddin Sayyid.
XUSH QOL, GO‘ZAL “SHERG‘OZI!”
(Xivadagi “Sherg‘ozixon” madrasasi
bilan xayrlashuv)
Makon aylab, uch yil yedim tuzingni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
O‘tkazdim qishingni, navro‘z, yozingni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Haqdan bizga buyruq, farz erur bilim,
Senda ta’lim oldim, ochildi dilim,
Kelsin deya kutar ul Karkaz elim,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zar “Sherg‘ozi!”
Ajratarman endi oqu qaroni,
Do‘st-raqib, qardoshim, haqni, yoronni,
O‘qidim, ko‘tardim Kitob – Qur’onni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Aqlim qisqa edi, ko‘ksim qaynadi,
Jigar talvoch urdi, yurak o‘ynadi,
Ilmi islom bilan jonim yayradi,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Jo‘shqin yuragimda mavjlarim bitmas,
Qaynar, to‘lqinlanar, hech loyga botmas,
Ilm, ta’lim olgan seni unutmas,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Paymon to‘lmay, kelsak, toqat yetmasdan,
Sirin zohir qilmas, aql ketmasdan,
Bodipoy otlandim, sayron etmasdan,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Daryoga kirsam-da, g‘avvos suzarman,
Behasrat yayrabon, beg‘am kezarman,
Dahon ichra asal zabon ezarman,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Kamol topib, saranjomlik qilibmen,
Mushfiqimdan, ul padardan qolibmen,
Ka’bamdan – oyimdan judo bo‘libmen,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Qutbda sa’y ko‘zlab, kamona tushdim,
Nayson quydi, ummon qaynadim-jo‘shdim,
Xush qol, bu kun Jayhun bahridan oshdim,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Maxtumquli tashlab butkul qayg‘usin,
Alqadi pirini, mullo, so‘fisin,
Aslo unutmasman tillo qopisin,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
Maxtumqulining yangi kitobi aziz kitobxonlarning qalb javonidan munosib o‘rin olgusidir.
O‘zA