Poytaxtimizdagi Milliy kino saroyida o‘zbek va turkman kinochilari tomonidan hamkorlikda tasvirga olingan “Maxtumquli Firog‘iy” nomli tarixiy badiiy filmning mamlakatimizdagi ilk premerasi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan kino saroyiga yurtimiz kino muxlislari, Turkmanistondan kelgan san’atkorlar taklif etildi.
Tadbirda mazkur kino asari O‘zbekiston hamda Turkmaniston Prezidentlari tashabbusi asosida yaratilgani ta’kidlandi.

Maxtumquli Firog‘iy o‘zining teran axloqiy, falsafiy ijodi bilan jahon adabiyotida alohida o‘rin egallaydi. Ayni paytda uning betakror g‘azallari diltortar qo‘shiqlarga aylanib, o‘zbek xonadonlariga ham kirib borgan.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 19 fevralda qabul qilingan “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekistonda ham shoir tavalludi keng nishonlandi. Mamlakatimizda ko‘plab adabiy tadbirlar, anjumanlar, davra suhbatlari o‘tkazildi, badiiy ko‘rgazmalar tashkil etildi. Ikki qardosh xalq kinochilari tomonidan tasvirga olingan “Maxtumquli Firog‘iy” nomli film shoir ijodiy merosini targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Taniqli o‘zbek rejissyori Muzaffarxon Erkinov rejissyorligida yaratilgan mazkur badiiy film shu yil noyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan turkiy tilli davlatlarning “Qo‘rqut ota” IV xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi film” deb topilib, Oliy mukofotga sazovor bo‘ldi. Ayni paytda ushbu kartinaning rejissyori Muzaffarxon Erkinov hamda turkmanistonlik aktyor Axmet Amandurdiyev Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan medal bilan taqdirlandi.

– Ushbu film Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan asos solingan “Tirik tarix” loyihasi doirasidagi dastlabki kartinalardan sanaladi, — dedi O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktori Shuhrat Rizayev. – Filmni yaratish jarayonida Maxtumquli merosining qaysi jihati bugungi kun uchun dolzarb ekani xususida ko‘p o‘yladik. Bugungi globallashuv davrida shoirning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni ulug‘lash, ezgulik, poklikka da’vatga oid qarashlari, g‘oyalari g‘oyat muhimdir.
Turkmanistonning mamlakatimizdagi elchixonasining birinchi kotibi-konsul Sapa Annaorazov ikki qardosh mamlakat rahbarlari tashabbusi asosida ishlangan ushbu film Maxtumquli Firog‘iy hayoti haqida yangi faktlar ochishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
– Biz – O‘zbekistonda yashayotgan turkman millati vakillari ushbu film premerasini eshitib juda quvondik, – dedi Respublika turkman milliy madaniyat markazi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Guldona Avezdurdiyeva. – Maxtumquli otamizning ijodi – buyuk xazina. Bu film o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi mangu do‘stlikning yorqin namunasidir.

– Ushbu film tarixiy yo‘nalishda bo‘lgani sababli juda katta aktyorlar guruhi, ko‘p sonli ijodkorlar bilan ishlashga to‘g‘ri keldi, — dedi “Maxtumquli Firog‘iy” filmining bosh rejissyori Muzaffarxon Erkinov. – Juda qisqa fursatda katta hajmdagi ish olib borildi. Film ikki qardosh xalqning do‘stligini tarannum etishi bilan ahamiyatlidir.
Darhaqiqat, yangi kartina xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni ulug‘lashi bilan birga Maxtumqulidek buyuk shoirning g‘oyat murakkab va sinovlarga to‘la hayoti, uning iztiroblari, betakror ijodi, metin irodasi haqida hikoya qiladi. Shoirning g‘azallari, uning so‘zlari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar filmning jozibadorligini yanada oshirgan.
Kartinadagi rollarni ikki qardosh xalqning Axmet Amandurdiyev, Chori Berdiyev, Boyir Xolmirzayev, Lola Roziyeva, Hamza Hasanov, Allaberdi Tashiyev, Rasulxon Qodirxonov kabi aktyorlari ijro etgan.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri