Mavsum taraddudi: “Nasaf” “lagerida” nima gap?
Jamoaning aksariyat futbolchilari milliy va olimpiya termalari tarkibida boʻlgani uchun yigʻinda asosan yoshlar qatnashmoqda
Jamoaning aksariyat futbolchilari milliy va olimpiya termalari tarkibida boʻlgani uchun yigʻinda asosan yoshlar qatnashmoqdaYangi mavsumga tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlanib ketgan. Kimdir oʻz qarorgohida, kimdir sharoiti qulay shaharlarda shugʻullanmoqda, hatto xorijga yoʻl olgan klublar ham bor. Qarshining “Nasaf” jamoasi esa oʻz qarorgohida, tayyorlov guruhlari maydonida mashgʻulot olib boryapti. Jamoa aslida yangi mavsumga tayyorgarlikni eski yildan – 20 dekabrdan boshlashni rejalashtirgan edi. Biroq, jamoa qarorgohida taʼmirlash ishlari ketayotganligi, futbolchilarning aksariyati terma jamoalarga jalb etilganligi sababli yigʻin yanvar oyining uchinchi sanasidan boshlandi.
Ayni paytda mashgʻulotlarda aksariyat futbolchilar yoʻq - Sanjar Quvvatov va Odiljon Hamrobekov milliy terma jamoa tarkibida BAAda oʻtayotgan Osiyo chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qilishmoqda, yana toʻqqiz nafar oʻyinchi - Umidjon Ergashev, Mashhurjon Muhammadjonov, Sherzod Nasrullayev, Dilshod Saitov, Sharof Muhitdinov, Islom Rashidxonov, Islom Kenjaboyev, Ilhom Alijonov va Bobir Abduxoliqovlar olimpiya terma jamoamizning oʻquv-mashgʻulot yigʻiniga taklif etilgan. Azizjon Gʻaniyev yaponiyalik shifokorlarning koʻrsatmasi boʻyicha yakka oʻzi shugʻullanmoqda.
Shuningdek, jamoadan ketganlar ham bor. Maqsud Karimov ortda qolgan mavsumda futbolchilik faoliyatini rasman yakunladi, jamoaning yana bir tajribali vakili Saydulla Rahmatov esa yangi mavsumda oʻz omadini AGMK klubida sinab koʻrish istagini bildirdi.
Shugʻullanuvchilar orasida yangilar ham yoʻq emas. Tarkibini asosan klub qoshidagi futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari bilan taʼminlab kelgan jamoa bu yil ham oʻz akademiyasidan yetishib chiqqan isteʼdodlarga umid bildiryapti. Shuningdek, “Andijon”dan kelgan Elbek Otaqulov ham mashgʻulotlarda qatnashmoqda.
Jamoaning mavsumga tayyorgarligining dastlabki bosqichi 16 yanvarga qadar belgilangan. Shu kuni qarshiliklar oʻz maydonida Navoiyning “Qizilqum” jamoasi bilan oʻrtoqlik uchrashuvida kuch sinashadi. Jamoa rejasida xorij safari ham bor. Navbatdagi yigʻinlarning birini 1-15 fevral kunlari Turkiyada tashkil etishni koʻzlashmoqda.