Mavsum mas’uliyati: har qarich yerdan oqilona foydalanish zarur
Qaror va ijro
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi hamkor tashkilotlar bilan birga hududlarda dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni samarali tashkil qilish bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazmoqda.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ko‘plab vazifalar belgilangan. Xususan, har qarich yerdan samarali foydalangan holda sifatli hosil olish, qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirish zarur.

Jumladan, Bekobod, Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlarida o‘tkazilgan seminarlarda ham mutaxassislar hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos mevali daraxt ko‘chatlarini ekish va parvarishlash borasida tavsiyalar berdi. Shuningdek, bog‘-qator oralari, dala chetlari va yo‘l bo‘yidagi ochiq maydonlardan maqsadli foydalanish bo‘yicha hudud imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Klasterlar vakillari, fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, muammolari nazoratga olindi.

– Joriy yil Bo‘ka tumanidagi 175 ming gektar yer maydoniga 65 ming tup, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofiga esa 60 ming tup mevali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Bo‘ka tumani bo‘limi yetakchi mutaxassisi Jamol Jo‘rayev. – Jarayonda har bir fermerning zaxira yerlari o‘rganildi. Asosan hududimiz iqlim-sharoitiga mos bo‘lgan olcha, behi, olxo‘ri kabi mevali daraxt ko‘chatlari ekilyapti. Ayniqsa, suvsiz maydonlarda ham sharoit yaratib yangi bog‘larni tashkil qilmoqchimiz. Seminar davomida ham fermerlar bilan suhbatlashib sa’y-harakatlarni to‘g‘ri tashkil qilishga kelishib oldik.



Dala chetlariga ekilayotgan mevali daraxt ko‘chatlarining holati atroflicha o‘rganilib, ularni to‘g‘ri ekish, samarali parvarishlash, shuningdek, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha fermerlarga batafsil tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi.
Abdulaziz Musayev, O‘zA