Matteo MEKACHCHI: “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim – uzoq muddatli sarmoya”
“Inson huquqlari sohasida ta’lim” forumida qatnashayotgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi fikrlarini bayon etdi:
– Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar inson huquqlari sohasidagi ta’lim taqdirulamal ahamiyatga egaligini yaxshi anglaydi. Shu bois o‘z fuqarolari inson huquqi va erkinligi bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lishi uchun harakat qiladi.
Shu ma’noda biz fuqarolar uchun xavfsiz jamiyat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatimizga yoshlarni ham jalb etish zarurligini tobora chuqurroq tushunib yetyapmiz.
Afsuski, ayni yo‘nalishda yangrayotgan xalqaro va milliy darajadagi chaqiriqlarga qaramay, YeXHT hududidagi ayrim mamlakatlarda inson huquqi sohasidagi ta’lim oqsayotgani hech kimga sir emas. Aytaylik, bunday ta’limni o‘quv dasturlariga kiritish, turli yoshdagi o‘quvchi va talabalarga mo‘ljallangan o‘quv qo‘llanmalari yaratishga keyingi yillarda e’tibor qaratilmayapti.
Inson huquqi sohasidagi ta’lim – doimiy e’tibor talab qiladigan uzoq muddatli sarmoyadir. Buni ko‘pincha kutilgan samarani bermaydigan qisqa muddatli har xil loyihalar bilan almashtirmaslik kerak.
Ushbu masalaning ikki jihati muhim. Bir tomondan odamlarning mavzudan xabardorligini, bilimini oshirish kerak. Ikkinchi tomondan inson huquqi sohasidagi ta’lim umumiy ta’lim tizimidan o‘rin olishiga erishishimiz darkor.
Shu nuqtai nazardan Samarqand Global forumi inson huquqi sohasidagi ta’limni butun mintaqa ko‘lamida rivojantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblayman. Binobarin, bunday ta’lim jamiyat hayoti yaxshilanishiga, demokratiya rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan qobiliyatli hamda qat’iyatli fuqarolar shakllanishiga xizmat qiladi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA