MATT navbatdagi konferensiyani o‘tkazdi
Toshkentda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tomonidan zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashishga aloqador masalalarga bag‘ishlangan sakkizinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada tuzilma Ijroiya qo‘mitasi direktori R.Mirzayev, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, TQKB rahbari V.Voronkov, MDH ATM rahbari Ye.Sisoyev, PIR Idoralararo razvedka va terrorizmga qarshi kurash departamenti boshlig‘i A.Iqbol, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Ne’mat, shuningdek, turli mamlakatlardan diplomatlar, ekspertlar va ilmiy-siyosiy doira vakillari ishtirok etdi. SHHT Bosh kotibi Chjan Min anjuman qatnashchilariga videomurojaat yo‘llab, SHHT tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashda mas’uliyatli, nufuzli xalqaro ishtirokchi ekani, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rayotgani, bunday sa’y-harakatlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
- Tashkilotimiz faoliyati boshqa davlatlar yoki xalqaro tuzilmalarga qarshi yo‘naltirilmaydi, BMT nizomi, SHHT Xartiyasi asosida, xalqaro huquq me’yoriga muvofiq ochiq va keng hamkorlik qilish tamoyilidan kelib chiqadi», - dedi Chjan Min so‘zini davom ettirarkan. - Afsuski, Afg‘onistondagi ichki siyosiy vaziyat ham keskinligicha qolib, terrorizm, fuqarolararo nizolar, ekstremizm va giyohvand moddalar ishlab chiqarish uchun zamin yaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, SHHT MATT ilmiy-amaliy konferensiyasi 2013 yildan boshlab har yili O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida xalqaro terrorizm chaqiriqlariga qarshi kurashish sohasidagi eng dolzarb muammolarni hal qilish maqsadida o‘tkazib kelinadi.
G.Abdullayeva, O‘zA