Matonatli para shaxmatchilarimizning tarixiy muvaffaqiyatga erishdi
Samarqandda o‘tayotgan shaxmat olimpiadasi doirasida tashkil etilgan III shaxmat paralimpiadasi musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Ortda qolgan yetti kun davomidagi shiddatli bahslarda Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shayusupov, Sirojiddin Zayniddinov va Selbi Kakishovadan iborat O‘zbekiston-1 terma jamoasi g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi.
36 ta davlatning 41 ta jamoasi va 164 nafar yetakchi “aql va taffakkur sohiblari” qatnashgan murosasiz bahslarda matonat va mroda timsoli bo‘lgan O‘zbekiston-1 terma jamoasi 3 ta g‘alaba, 4 ta durang natija qayd etib, 11 ochko bilan III shaxmat paralimpiadasining bronza medallariga ega chiqdi.

Nufuzli musobaqaning so‘nggi 7-turida hamyurtlarimiz Isroil para shaxmatchilari bilan kuch sinashdi.
Hal qiluvchi bahsda O‘zbekiston-1 jamoasi a’zolaridan Ahadxon Kimsanboyev raqibi bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Marsel Shayusupov va Selbi Kakishova raqiblarini taslim qildi. Sirojiddin Zayniddinov esa imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Ushbu ko‘rsatkichlar tufayli para shaxmatchilarimiz Isroil terma jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, Polsha jamoasi 13 ochko bilan 1-o‘rinni, Kuba vakillari 12 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinni egalladi.
E’tiborli jihati, para shaxmatchilarimizning 11 ochko bilan tarixda ilk bor Olimpiadada 3-o‘ringa sazovor bo‘lishi O‘zbekiston para shaxmatining yangi yuksalish davri boshlanganligini amalda ko‘rsatdi.
Eng muhimi, mazkur muvaffaqiyat mamlakatimizda imkoniyati cheklangan insonlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar natijasi ekanligidan dalolat ekanligi bilan birga yangi O‘zbekistonning yangi yutuqlari bardavom ekanligining yorqin tantanasi bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA