Matonatli futbolchilarimiz tantanali kutib olindi
Xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lish, Vatan sha’nini ulug‘lash har qanday sportchining buyuk orzusi. Bugun bunday faxrli tuyg‘uni yuragidan his etgan yuzlab sportchilarimiz borki, ular xalqimiz salomatligining yorqin ifodasi, deyish mumkin.
Kuni kecha mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, “sport – sog‘lom xalq, sog‘lom jamiyatning tayanch ustunidir. Shu bilan birga, sport – bu, avvalo, tinchlik elchisi, har bir davlat uchun milliy g‘urur manbai”, hisoblanadi.

Bugun, 14 fevral tunda aynan shu his bilan Osiyo chempionligiga erishgan O‘zbekiston amputant futbolchilar terma jamoasi poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Aytish lozim, Bangladeshda iroda sohibi bo‘lgan amputantlar o‘rtasida ilk bor tashkil etilgan Osiyo chempionatida milliy terma jamoamiz dastlabki turda Indoneziyani 8:1, undan keyin Nepal jamoasini 13:0, Bangladeshni o‘z maydonida 3:0, Iroqni 3:0 va finalda Indoneziya terma jamoasini 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Qit’a chempioniga aylangan amputant futbolchilarimiz sharafiga olis Bangladeshda O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz baralla yangradi.


Matonat va jasorat sohiblarini kutib olish marosimida sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari H.Toshmatov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi A.Maxsumov, Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari, g‘olib sportchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA