Matbuot kotiblari va jurnalistlar muloqoti
Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati hamda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi hamkorligida barcha tuman va shaharlar hamda tashkilot, korxonalarda faoliyat olib borayotgan matbuot kotiblari hamda jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda soha vakillari oldida turgan asosiy vazifalar haqida so‘z yuritilib, ularning faoliyati tahlil etildi. Xususan, hokimlik va tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqdagi faolligini oshirish, media makonda e’lon qilinayotgan tanqidiy chiqishlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish hamda kanallari obunachilari sonini ko‘paytirish, buning uchun aholini zeriktirmaydigan, qiziq mavzularni noodatiy uslubda jamoatchilikka havola qilish muhimligi ta’kidlandi.


– Axborot sohasini demokratlashtirish, so‘z va matbuot erkinligi hamda davlat idoralari ochiqligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi rolini oshirish, soxta va yolg‘on yangiliklarga qarshi kurashish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir, – deydi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Mamarajabov. – Shu nuqtai nazardan bugungi uchrashuvda axborot xizmatlarining faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, matbuot kotiblari bilan OAV o‘rtasida aloqaning mustahkamligi talab darajasida emasligiga asosiy e’tiborni qaratdik. Shuningdek, viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi keng qamrovli ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish va axborot sohasidagi ishlarni sezilarli darajada oshirish, ommaviy axborot vositalari, jurnalist hamda blogerlar bilan uzviy hamkorlik aloqalarini yo‘lga quyish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surildi.


Tadbir so‘nggida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasida attestatsiyadan o‘tgan bir guruh matbuot kotiblariga attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnomalar topshirildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri