Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Xovos tumanida ishlarning borishini o‘rgandi. Ayrim rahbarlarning o‘z faoliyatiga mas’uliyatsizligini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, davlat rahbarlari va mutasaddilarning asosiy vazifasi xalq uchun munosib turmush sharoitlari yaratishdir.
Hokim tumandagi 2-maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lganida bu yerda sanitariya talablari bajarilmagani, hududda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmagani, eng achinarlisi, esa muassasaning ichki holati ayanchli ekani oydinlashdi. Shu bois ayrim rahbarlarning o‘z lavozimiga munosibligi ko‘rib chiqilishi belgilandi.


Shundan so‘ng hokim Tinchlik va Do‘stlik mahallalaridagi ko‘p qavatli uylarni ko‘zdan kechirdi. Fuqarolar bilan ochiq muloqotda kommunal xizmatlar, uy-joy ta’miri, infratuzilma muammolari tilga olindi. “Aholi murojaatlari – bu oddiy shikoyat emas, balki ishonchning mezoni. Agar rahbar odamlarning ovozini eshitmasa, u qanday rahbar?” dedi Turdimov.


O‘rganishlar jarayonida Xovos tumani hokimi, boshqaruv servis kompaniyasi va qator tarmoq tashkilotlari faoliyati qoniqarsiz ekani aytildi. Mutasaddilarning mas’uliyatsizligi jamoatchilik oldida ochiq tanqid qilindi.


O‘rganish natijasiga ko‘ra, ikki mahalladagi 8 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismlari bazalt qoplamasi bilan yangilanishi, piyodalar yo‘lakchalari, avtoturargohlar va bolalar maydonchalari qurilishi belgilandi. Shuningdek, 6 ta uyning tom qismi kapital ta’mirlanadi, kommunikatsiya tarmoqlari tartibga keltiriladi.



Viloyat hokimi tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi bir oydan so‘ng qayta tekshiriladi. Demak, bundan keyin mas’ullar na faqat hokimlik, eng avvalo, xalq oldida hisob berishi lozim.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri