O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Unga media sohasi vakillari, oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari, barcha turdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, kasaba uyushmasi sohasi mutasaddilari taklif etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafikov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov va boshqalar mamlakatimizda milliy mass-media sohasiga qaratilayotgan e’tibor sohada ilgari misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yasaganini ta’kidladi.
Bu jihatlar milliy matbuotimizda so‘z erkinligini ta’minlash, odamlarning turli muammolariga tezkor va o‘z vaqtida yechim topish, yurtimizda kechayotgan shiddatli yangilanish jarayonlarini xalqimizga yetkazishda o‘z ifodasini topmoqda.
Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlar lahzadayoq butun dunyoga yoyilmoqda. Odamlarni o‘ylantirayotgan muammolar tezkorlik bilan ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida aks etmoqda. Barcha vazirlik va idoralar, tuzilmalar tarkibida axborot xizmatlari faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi. Ularning ommaviy axborot vositalari bilan uzviy hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.
Jamiyatimizda kechayotgan o‘zgarishlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham munosib hissa qo‘shmoqda. Jumladan, maxsus ishchi guruhi orqali “Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlar muammolarini hal etish borasidagi amaliy ishlar ko‘plab xonadonlarning farovonlinini oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu jamoat tuzilmasi muassisligidagi “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari yurtimizdagi muammolarni dadil yoritishda, jarayonlarni tahlil etishda jurnalistika sohasida katta mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda.
Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan bir guruh jurnalistlar taqdirlandi. Shunindek, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash borasidagi islohotlarni keng yoritayotgan bir guruh jurnalistlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati mukofoti bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar sohaga qaratilayotgan e’tiborni e’tirof etgani holda bugungi globallashuv davrida ommaviy axborot vositalari xodimlari zimmasida hali ko‘pdan-ko‘p mas’uliyatli vazifalar borligini ta’kidladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri