Mast kuyov qaynotasining mashinasini olib qochdi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Biyosin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 51 yoshli fuqaro A.I. joriy yilning 12 yanvar kuni tuman IIBga ariza bilan murojaat qiladi. Murojaatda joriy yilning 9 yanvar kuni soat taxminan 17:00 larda yashash uyiga kuyovi 31 yoshli fuqaro A.I. mast holda kelib uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, darvozaxonada turgan “Nexia-2» rusumli transport vositasini olib qochib ketganligini, shu sababli kuyoviga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar davomida viloyat IIB YHXB 4-Safarbarlik guruhi YPX inspektorlari tomonidan joriy yil 9 yanvardan 10 yanvarga o‘tar kechasi soat 01:25 da fuqaro A.I olib qochilgan “Nexia-2» avtomashinasini Buxoro shahri hududida biror-bir hujjatsiz, spirtli ichimliklar ta’sirida boshqarib yurganligi aniqlanadi. Unga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtiriladi.
Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro A.Iga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA