Mast haydovchilar orasida mansabdor shaxslar ham bor
Bugun yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash har qachongidan ham dolzarb masala bo‘lib qoldi. Kun sayin avtomobillar, piyoda va yo‘lovchilar ko‘payib bormoqda. Zamon shiddatimi yoki tirikchilik tashvishlari sababmi odamlar, xoh haydovchi, xoh piyoda bo‘lsin, doim qayergadir shoshadi. Ammo bu tartib-qoidaga amal qilmaslik, boshqalar huquq va manfaatlarini cheklash degani emas. Ming afsuski, yo‘lga chiqsak bunga zid holatlarga duch kelyapmiz. Transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ham, piyodalar ham inspektor yoki kuzatuv kamerasi bo‘lmasa, o‘zi istagandek harakat qilyapti. Go‘yoki qoidalarga rioya etish ularning o‘zi uchun emas, inspektor uchun kerakdek.
Bunday munosabat natijasida har kuni katta-kichik yo‘llarda turli ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelmoqda. Kuni kecha bo‘lgan holat. Kechki payt Samarqand shahar Gagarin ko‘chasidagi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodani shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan “Volkswagen” rusumli transport vositasi urib yuborib yo‘l transport hodisasi sodir etgan. Sabab – haydovchi belgilanganidan yuqori tezlikda harakatlangan, buning ustiga piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan shaxsga yo‘l bermagan. Oqibatda yo‘lovchi voqea joyida vafot etdi.
Yo‘l harakati qoidalari yo‘llarda tartib o‘rnatish, yo‘lovchilarning eson-omon manziliga yetib olishi uchun ishlab chiqilgan. Bu qoidalar buzilgan har bir holatda albatta kimgadir ziyon yetadi.
– Qoidabuzarlikning hammasi salbiy holat, lekin mast holda avtomashina boshqarishni hech qanday holatda oqlab bo‘lmaydi, – deydi Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosari Tolib Boyzoqov. – Ammo keyingi paytda transport vositalari haydovchilari va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash hollari ham ko‘p uchramoqda. Shu sababli o‘tgan yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan transport vositalarining mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilari va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning ko‘rilishi bo‘yicha sud amaliyoti umumlashtirildi. Ushbu umumlashtirish natijalariga ko‘ra 2022 yil 5 sentyabr kuni Rayosat qarori qabul qilindi.
Rayosat qarorida Samarqand viloyat hududida mazkur toifadagi huquqbuzarliklar oshganligi, shu jumladan ayollar va davlat idoralari xodimlari tomonidan sodir etilish ko‘rsatkichi yuqori ekanligi qayd etildi. 2021 yil davomida Samarqand viloyat sudlari tomonidan jami ko‘rib tamomlangan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar 49618 nafar shaxsga nisbatan 37859 tani tashkil etgan. Shundan 6506 nafar shaxsga nisbatan 6.400 tasi mazkur toifadagi ishlar hisoblanadi. 41 nafar xotin-qizlar mast holda avtomashina boshqargani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 12 nafar xotin-qiz mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, davlat idoralarida ishlovchi 74 nafar shaxs mast holda avtomashina boshqargan, yana shunchasi mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan bosh tortgan. Mazkur toifadagi huquqbuzarlikni sodir etgan davlat idorasi xodimlari orasida huquqni muhofaza qiluvchi yoki nazorat qiluvchi idoralarning mas’ul mansabdor shaxslari ham bor.
Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida viloyat sudi tizimida transport vositasini mast holda boshqarish bilan bog‘liq 3416 ta ish (3474 nafar shaxsga nisbatan) ko‘rib tamomlandi. 3054 nafar shaxsga jarima, 363 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi. Mast holatda avtomashina boshqarib, ma’muriy jazo olganlarning 40 nafarini ayollar, 3 nafarini voyaga yetmaganlar hamda 179 nafarini 60 yoshdan oshganlar tashkil qilganligi achinarlidir. Shuningdek, yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida viloyat sudi tizimida mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq 843 ta ish (843 nafar shaxsga nisbatan) ko‘rilgan. Mazkur ishlar bo‘yicha 750 nafar shaxsga jarima, 86 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Ma’muriy jazo olganlarning 6 nafari ayollar, 64 nafari 60 yoshdan oshganlardir.
Bu raqamlarni eshitib, yuraging og‘riydi. Nahotki, spirtli ichimlik iste’mol qilib transport vositasi ruliga o‘tirgan shaxs o‘zi va o‘zgalar hayotiga xavf tug‘dirayotganini anglamasa? Bunday toifadagi haydovchilar orasida mansabdorlar shaxslar, ayollar va hayotning past-balandini ko‘rgan nuroniylarning bo‘lishini qanday izohlash mumkin?
Siz o‘zingizga shu savollarni berib ko‘rdingizmi?
G‘olib Hasanov,
O‘zA