Farg‘ona vodiysining asosiy havo darvozasi sanalgan – Namangan xalqaro aeroporti tomonidan yurtdoshlarimizga sifatli xizmat ko‘rsatish, xorijiy mamlakatlarga, ayniqsa, turizm va ziyorat uchun qulay bo‘lgan davlatlarga yangi aviareyslarni yo‘lga qo‘yish borasida izchil sa’y-harakatlar qilinmoqda.
Davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan poyxatimizdan keyin Respublika viloyatlari ichida Namangan shahrida ilk bor Ummon davlati poytaxti Maskat shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirildi.
"Salam Air" aviakompaniyasiga qarashli “A-320” rusumli havo kemasida yurtimizga kelib qo‘ngan xorijiy mehmonlar milliy mehmondo‘stlik qadriyatlarimizga asosan tantanali kutib olindi. Aviakompaniya samolyoti yurtimizdan ilk reysda 184 nafar yo‘lovchini Ummonga olib ketdi.
Bundan avval Namangan xalqaro aeroportiga ikki arab diyori – Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay hamda Kuvayt davlatining Al-Kuvayt shahriga muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan edi. Aeroport rahbariyatining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, arab davlatlariga aviayo‘nalishlarni ko‘payishi Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan Haj, Umra ziyorati, turizm va tadbirkorlik yuzasidan safar qiluvchilar soni ortib borayotgani bilan bog‘liqdir.
– Yurtimiizda inson qadri yuksak ulug‘lanayotganining amaldagi ifodasini yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatining ko‘lami va sifati oshib borayotganligida yaqqol ko‘rish mumkin, – deydi Namangan shahridagi “Ravza travel” turistik firmasi rahbari Adhamjon Ahadov. – Bugun arab mamlakatlaridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish istagini bildirgan qirqdan ortiq yurtdoshlarimiz havo kemasiga yo‘lga otlandi. Bunday imkoniyatlarni ochig‘i, olti yil oldin tasavvurimizga ham sig‘dirmaganmiz. Ko‘rsatilayotgan ushbu g‘amxo‘rliklar fuqarolarning vijdon va e’tiqod erkinligini to‘laqonli ta’minlanishida ham muhim ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, Namangan xalqaro aeroportidan uchayotgan 17-xorijiy reys hisoblangan Maskat-Namangan-Maskat yo‘nalishidagi aviaqatnovlar haftaning har juma kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.