Amerikalik tadbirkor, “Neuralink” neyrotexnologiya kompaniyasi egasi Ilon Maskning fikricha, yaqin besh yil ichida shifokor jarrohlar o‘rnini robot-jarrohlar egallashi mumkin.
– Robotlar mohir jarrohdan bir necha yil, eng zo‘rlaridan esa taxminan besh yil ichida o‘zib ketadi, – deya izoh bergan milliarder ijtimoiy tarmoq orqali. – Shuningdek, “Neuralink” miya to‘qimasiga elektrod kirita oladi. Bu vazifani bajarish uchun insonda na tezlik, na aniqlik yetadi.
Yanvar oyi boshida Mask ilk bor odamga “Neuralink” miya implantati qo‘yilgani va uning ahvoli yaxshiligini ma’lum qilgandi. Qurilma faoliyati natijasida olingan dastlabki ma’lumot istiqboldan darak bergan.
Keyinchalik tadbirkor “Telepatiya” nomli yangi qurilma egasi fikr kuchidan foydalangan holda smartfon yoki kompyuterni boshqara olishini ta’kidladi. Bunday mexanizm birinchi navbatda oyoq-qo‘llarini ishlatish qobiliyatidan mahrum kishilar uchun qulay.