Mashina jarimaga, ota qamoqqa joylashdi
Namangan viloyatida aliment qarzdorligi bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan shaxs yo‘l harakati qoidalarini ham muntazam buzib kelganligi aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari va viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektorlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi reyd davomida ushlangan ushbu shaxs yillar davomida aliment to‘lovlarini amalga oshirmagan. Bundan tashqari, u boshqaruvida bo‘lgan avtotransport vositasiga 15 marta qoidalarni buzganligi uchun jarimalar qo‘llanilgan, biroq uni ham to‘lashdan qochib yurgan.
MIB Namangan viloyat boshqarmasi inspektori Jobir Qodirovning ma’lumotiga ko‘ra, tadbir davomida transport vositasi jarima maydonchasiga, alimentdan qarzi bor haydovchi esa byuro organiga olib kelindi. Qarzdorga nisbatan farzandi moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlagani uchun sud tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.