So‘nggi paytlarda amaldagi haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirilmoqda. Xo‘sh, bu yangilikdan ko‘zlangan maqsad nima? Amaldagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishda qayta imtihon talab etiladimi? Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi qarori bilan milliy haydovchilik guvohnomasi hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalari joriy etilgan.
Eski tartibga ko‘ra, haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish uchun imtihon varaqasi, tibbiy ma’lumotnoma, pasport, eski haydovchilik guvohnomasi va uning taloni talab etilar edi. Fuqarolarga qulaylik uchun tartib soddalashtirildi va talab etiladigan hujjatlar qisqartirildi.
Vazirlar Mahkamasining «Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi
to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, uning muddati guvohnoma va «texpasport»lar berilgan yilga bog‘liq.
Xususan, 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilgan haydovchilik guvohnomasini 2022 yil 31 martga qadar, 2010−2012 yillarda berilganlari 2022 yil 30 iyunga qadar, 2013−2015 yillarda berilganlari 2022 yil 30 sentyabrga qadar va 2015 yildan keyin berilgan haydovchilik guvohnomalari 2022 yil 31 dekabrga qadar muddatlarda majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Davlat xizmatlari agentligining o‘tgan 2021 yil sentyabr oyida ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 3,6 million kishi yangi haydovchilik guvohnomasini o‘zgartirgan. 2 milliondan ortiq kishi esa eski guvohnomada ekanligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng Adliya vazirligi guvohnomalarni almashtirish muddatini yuqorida tasdiqlangan jadvalga muvofiq yana bir yilga uzaytirish taklifi bilan chiqqan.
Aholidan kelib tushayotgan murojaatlarga ko‘ra, bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun uzun navbatlar yuzaga kelgan. Chunki 2022 yil 31 martda «prava» almashtirishning birinchi bosqichi muddati tugaydi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, eski «prava»ni yangisiga almashtirish uchun nafaqat DXMlarga, balki bevosita vakolatli idora IIBB YHXB bo‘limlariga ham murojaat qilish mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi namunadagi guvohnomalar maxsus himoya vositalariga hamda ma’lumotlarni bevosita aloqasiz amalga oshirish imkonini beruvchi maxsus elektron belgilariga (NFC Smart-kart) ega bo‘lib, ularda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSH SHIR), yuridik shaxslar uchun esa soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) saqlanadi.
HAYDOVCHILIK GUVOHNOMALARINI ALMASHTIRISHDA QAYTA IMTIHON TOPSHIRISH KERAKMI?
Davlat xizmatlari agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, aholiga qulay bo‘lishi uchun eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish 2022 yil 31 dekabrga qadar davom etadi. Bunda Davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlar kabi ortiqcha byurokratiyasiz, soddalashtirilgan tartib amal qiladi.
Ya’ni, qayta imtihon varaqasi talab etilmaydi. Xizmatdan foydalanish uchun pasport, eski haydovchilik guvohnomasi va uning talonini taqdim etish hamda bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi (bugunda 189 000 so‘m) miqdoridagi to‘lov amalga oshiriladi.
«Prava»larni almashtirishga 2017 yil 1 oktyabrdan 2020 yil 31 dekabriga qadar, ya’ni 3 yilu, 3 oy muhlat berilgan va 2021 yil 1 yanvardan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi haqiqiy emas, deb topilishi ko‘rsatib o‘tildi.
2021 yil oxirida Davlat xizmatlari agentligi tashabbusi bilan «prava» almashtirish muddatini uzaytirish differensial yondashuv asosida amalga oshirildi. Bundan maqsad hamma yana 2022 yil so‘ngida YHX bo‘limlari va Markazlarga kelmasdan, yil davomida bir maromda hujjat almashtirishlarini tashkillashtirish edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Davlat xizmatlari agentligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddati bir necha marotaba uzaytirilgan bo‘lishiga qaramasdan, fuqarolar belgilangan muddatlarda hujjatlarni almashtirmay kelmoqda.
Respublikamizning olis hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishda navbatning uzunligi, o‘z vaqtida elektr bo‘lmasligi kabi holatlar tufayli ortiqcha ovoragarchiliklarga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holat yuzasidan mutaxassislar bu jarayonda bir nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatish uchun 3 daqiqa vaqt sarflanishini qayd etdi.
ENDI «PRAVA» OLISH QAY TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI?
Bundan bu yog‘iga haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qish vaqtida mashg‘ulotlarga qatnashmaslik, o‘qimaslik o‘zingizga zarar bo‘ladi. Chunki Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi 272-son qaroriga muvofiq, endi haydovchilik guvohnomasini olish uchun topshiriladigan nazariy va amaliy imtihonlar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan inson omili cheklangan holda, avtomatlashtirilgan avtodrom va imtihon olish xonalarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Muhayyo TOSHQORAEVA, O‘zA