Jahon fani tarixida birinchi ilmiy globus yaratuvchisi sifatida 1492 yilda o‘z ixtirosini taqdim etgan nyurnberglik savdogar va dengizchi Martin Behaym nomi mustahkam o‘rnashgan.

Biroq tarixiy manbalarning chuqur tahlili shuni ko‘rsatadiki, bundan qariyb besh asr avval, Xorazm zaminida, buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tomonidan yaratilgan globus nafaqat mavjud bo‘lgan, balki o‘z davri uchun misli ko‘rilmagan ilmiy aniqlikka ega bo‘lgan. Bu globusning fojiali taqdiri va uning yaratilishi bilan bog‘liq tafsilotlar Markaziy Osiyo ilm-fanining biz o‘ylagandan ham yuksakroq cho‘qqilarni zabt etganidan dalolat beradi.

Globus yasash g‘oyasi qadimgi dunyoga borib taqaladi. Miloddan avvalgi II asrda yashagan Krates Mallosskiyning yerosti suvlari va iqlim mintaqalari tasvirlangan sodda globusi yoki Klavdiy Ptolemeyning “Geografiya bo‘yicha qo‘llanma” asaridagi nazariy tavsiyalari keyingi asrlar uchun asos vazifasini o‘tagan. Ammo bular ko‘proq ramziy yoki umumiy tasavvurlarga asoslangan bo‘lib, aniq geografik koordinatalarga ega ilmiy jihoz hisoblanmas edi. Beruniy esa butunlay boshqa maqsadni ko‘zlagandi. U o‘zining mashhur “Geodeziya” (“Makonlar orasidagi masofalarni aniqlash uchun joylarning chegaralarini belgilash”) asarida Ptolemeyning matematik usullarini “al-Jayhoniy uslubi” deb nomlangan mahalliy geograflarning amaliy ma’lumotlari bilan birlashtirishga qattiq uringanini yozib qoldirgan. Bu sintezning amaliy natijasi sifatida u aholi punktlarining geografik koordinatalari tushirilgan globus yaratishga kirishgan.

Buyuk olimning o‘zi qoldirgan avtobiografik ma’lumotlar globusning nafaqat yaratilgani, balki ayanchli taqdiri haqida ham so‘zlaydi. Beruniy yoshlikda to‘plagan barcha ilmiy materiallari va mehnatlari samarasi “to‘satdan yetgan balo” tufayli yo‘q bo‘lib ketganini afsus bilan qayd etadi. Bu “balo” tarixchilar tomonidan Xorazmda 995 yilda yuz bergan siyosiy to‘ntarishlar va beqarorlik bilan bog‘lanadi. Manbashunos olim P.G.Bulgakovning yozishicha, o‘shanda Beruniy o‘z vatanini tark etishga majbur bo‘lgan va uning ko‘p yillik mehnatlari, jumladan, ehtimol, o‘sha noyob globus ham yo‘q qilingan. Olim o‘sha davrni eslar ekan, “tinchlik va ofatlardan omonlikka umid qilib” o‘z yozuvlariga tayanganini aytadi. Bu ta’rif uning G‘aznadagi (1017 yildan keyingi) yoki Xorazmda kechgan ikkinchi davridagi (1010–1017) sertashvish hayotiga mos kelmaydi. O‘sha yillari u doimiy kuzatuvlar va hisob-kitoblar bilan band bo‘lgan. Demak, P.G.Bulgakovning fikricha, globus aynan 995 yilgi fojiadan avvalgi, nisbatan osoyishta – Xorazmdagi birinchi davrida, taxminan 990 – 995 yillar oralig‘ida Xorazmning qadimgi poytaxti Kat shahrida yaratilgan.

Beruniy globusining ilmiy ahamiyati uning o‘zidan oldingi barcha namunalardan tubdan farq qilishida edi. Bu shunchaki Yerning dumaloq tasviri emas, balki aniq matematik hisob-kitoblarga asoslangan ilmiy asbob bo‘lgan. Olimning maqsadi Ptolemeyning nazariy modelini Markaziy Osiyo geograflari, savdogarlar va sayyohlardan to‘plangan amaliy ma’lumotlar bilan boyitish edi. U o‘z davrining Battoniy kabi mashhur astronomlarining hatto qiblani aniqlashdagi xatolarini ham tanqid qilib, yuksak aniqlikka intilgan. Shu tariqa, Beruniy globusi geografik koordinatalar to‘riga ega, o‘sha davr uchun ma’lum bo‘lgan shahar va joylarning o‘rni aniq belgilangan mukammal kartografik ish bo‘lishi kerak edi.

Shunday qilib, tarixiy dalillar shuni ko‘rsatadiki, Martin Behaymdan qariyb besh asr muqaddam, Xorazmning ilmiy muhitida yosh Beruniy tomonidan yaratilgan globus jahondagi birinchi ilmiy globuslardan biri bo‘lgan. Garchi tarixning shafqatsiz bo‘ronlari bu noyob yodgorlikni bizgacha yetib kelishiga imkon bermagan bo‘lsa-da, uning mavjudligi haqidagi dalillar olimning asarlarida saqlanib qolgan. Bu esa nafaqat Beruniy dahosiga, balki Markaziy Osiyo birinchi Renessansi davri ilm-fanining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasiga yorqin bir misoldir.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Martin Behaymdan besh asr avval: Beruniy yaratgan, ammo yo‘q qilingan globus siri