Mulohaza
So‘nggi yillarda jamiyatimizda to‘y arafasidagi yangi turdagi marosimlar, jumladan, “Marry me” deb nom olgan taklif marosimi tobora keng tarqalmoqda. Aslida bu an’ana G‘arb jamiyatlarida o‘zaro muhabbat va nikoh taklifini rasmiylashtirish, uni romantik tarzda ifoda etish vositasi sifatida qaraladi. Biroq, bugungi kunda ushbu marosim bizda ham ommalashib, ayrim hollarda to‘y marosimining “majburiy qismi” sifatida qabul qilina boshlandi.
Ammo bu yangicha marosim bizning madaniyatimiz, qadriyatlarimiz va hayotiy falsafamiz bilan uyg‘unlashadimi? Yoki bu faqat ko‘rinish, kontent va shou uchun yaratilayotgan soxta bayrammi?
G‘arbda “Marry me” – bu juftlik o‘rtasidagi hal qiluvchi bosqich, ya’ni nikoh taklifi. Odatda, bu voqea hali to‘y rejalari tuzilmasidan avval, kelajakdagi oila qurish haqidagi birinchi jiddiy qadam sifatida bajariladi. Bu – bir insonning ikkinchisiga bo‘lgan ishonchi, muhabbati va sadoqatini rasmiy va shaxsiy tarzda ifoda etish marosimi. Eng muhimi, ushbu marosim shaxsiy va ichki his-tuyg‘ular asosida sodir bo‘ladi. Ommaviylashtirish yoki “ko‘rsatish” uchun emas.
O‘zbek jamiyatida “Marry me” marosimi ko‘proq ko‘ngilochar tus kasb etmoqda. To‘y aniq bo‘lgach, kelin va kuyov ijrosida maxsus shou sifatida tashkil etiladi. Ko‘p hollarda u ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish, videoga olish, estetik bezaklar bilan boyitish va mehmonlarning ko‘rishi uchun amalga oshiriladi. Bunday holatda marosimning asl falsafasi chin yurakdan berilgan nikoh taklifi yo‘qolgandek bo‘ladi.
Bundan ham yomoni ayrim hollarda bu majburiy “trendga ergashish” bosimi ostida amalga oshirilmoqda. Shunda bu marosim juftlik uchun hissiy, chuqur, hayotiy hodisadan ko‘ra, oddiygina navbatdagi dekorativ bayramga aylanadi.
“Marry me” marosimining bu tarzda shouga aylanishi jamiyatda ba’zan salbiy oqibatlarga ham olib kelmoqda. Misol uchun, vaziyat sun’iylashadi, juftliklar orasida chin hislar o‘rniga tashqi ko‘rinishga urg‘u kuchayadi. Har bir to‘y oldidan “Marry me” qilishga majburiyat kabi qaraladi. Mablag‘ sarfi ham asossiz ortadi. Mazmunsiz marosimlar uchun katta byudjet ajratiladi.
Shu o‘rinda, har bir “Marry me” marosimini to‘laqonli sun’iy deb aytish ham adolatcizlik bo‘lardi. Ba’zi juftliklar ushbu marosimni yillar davomida shakllangan munosabatlarini mustahkamlash, esdalik sifatida abadiylashtirish yoki yaqinlariga chin dildan hislarini izhor etish uchun amalga oshirishmoqda. Bunday hollarda marosim shakli qanday bo‘lishidan qat’i nazar, mazmun ustuvor bo‘lib qoladi.
“Marry me” – bu bizning qadimdan mavjud to‘y an’analarimizdagi “fotiha”, “sovchilar yuborish” kabi marosimlarga o‘xshamaydigan, butunlay boshqa tarixiy va madaniy ildizga ega bo‘lgan hodisa. Uni ko‘r-ko‘rona qabul qilish emas, balki chuqur tahlil qilish zarur.
Eng muhim jihat – ushbu marosim juftlik orasidagi sadoqat, mehr va hayotiy qarorlarining ramzi bo‘lishidir, shunchaki ijtimoiy tarmoq kontenti emas. Shunday ekan, “Marry me” qilishdan avval, savolni o‘zimizga beraylik: bu bizning shaxsiy xohishimiz uchunmi yoki boshqalarning e’tibori uchun?
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA