Mali hukumati ma’lum qilishicha, o‘tgan hafta Marokash hududida suvga cho‘kib ketgan qayiqdagi 70 ga yaqin odamning taqdiri noma’lum.
“Ispaniyaga ketayotgan qayiqda 80 kishi bo‘lgan. Afsuski, qurbonlar orasida 25 nafar malilik yoshlar aniqlangan”, deya hukumat bayonotidan iqtibos keltirgan Frans Press agentligi.
11 nafar yo‘lovchi qutqarilgan.
O‘tgan hafta Ispaniya Ichki ishlar vazirligi shu yil mamlakatga dengiz orqali rekord miqdordagi noqonuniy muhojir kirganini ma’lum qildi. 2024 yil yanvaridan 15 dekabrga qadar ayni ko‘rsatkich 57 738 nafarni tashkil etgan. Bu 2018 yilda qayd qilingan rekorddan ham ko‘p. Migrantlarning aksari - 43 737 kishi Kanar orollariga tushgan. Dekabr oyi birinchi yarmida 2312 kishi dunyodagi eng xavfli migratsiya yo‘nalishlaridan biri orqali arxipelagga yetib keldi.
Muhojirlar huquqini himoya qilish guruhi Caminando Fronteras avvalroq, 2024 yilning dastlabki besh oyida Ispaniyaga yetib borishga harakat qilgan 5000 dan ziyod muhojir halok bo‘lgani, bu har kuni o‘rtacha 33 o‘lim holatiga to‘g‘ri kelganini bildirgan edi.