Marokash Isroildan qurol sotib oladi
Marokash — Isroil bilan dron va zamonaviy qurol sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Isroil mudofaa vaziri Beni Gans Marokashda hamkasbi Abdullatif Loudiy bilan uchrashdi. Tashrif davomida ikki davlat o‘rtasida memorandum imzolandi. Bu haqda Isroil mudofaa vazirligi ma’lum qilgan.
Kelishuv nafaqat mudofaa, balki iqtisodiyot, turizm sohalaridagi hamkorlik, ikki davlat, xalqlarimiz o‘rtasidagi iliq munosabat uchun ham poydevor vazifasini o‘taydi, deyiladi vazirlik bayonotida.
Bu Isroil mudofaa vazirining Rabotga tashrifi chog‘ida Isroil — Marokash o‘rtasida imzolangan ikkinchi kelishuvdir.
Yodingizda bo‘lsa, 2020 yil 10 dekabr kuni 2002 yilda to‘xtagan Isroil — Marokash munosabati qayta tiklangan edi. Marokash 2020 yil BAA, Bahrayn, va Sudandan keyin Isroil bilan aloqani yaxshilagan to‘rtinchi arab davlatiga aylandi.
Ulug‘bek Mahmirzayev