Markus Potsel: O‘zbekiston rahbarining tashabbusi juda muhim!
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ashxobodda Turkmaniston betarafligining 27 yilligiga bag‘ishlangan “Muloqot – tinchlik garovi” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
Tadbir BMT, TDT, YeI, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi – MOONSA kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning oliy vakillari, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti a’zolari, xorijiy davlatlarning Ashxoboddagi diplomatiya korpusi rahbarlari, ko‘zga ko‘ringan jamoat arboblari, siyosatchilar, yetakchi ekspertlarni bir joyga to‘pladi.

Anjumanda so‘zga chiqqan MOONSA rahbari o‘rinbosari Markus Potsel Afg‘oniston zaminida mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatish umumiy hamjihatlikka erishish, inklyuziv siyosiy jarayonni ta’minlash yo‘lidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlashni taqozo etishini ta’kidladi.
Shu nuqtai nazardan BMT vakili joriy yil 13 oktyabr kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning VI sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro muzokara guruhini tuzish tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Janob Potsel fikricha, mazkur noyob format afg‘on muammosi bo‘yicha global miqyosda keng konsensusga erishish, Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlar ishlab chiqishga ko‘maklashadi.