Termiz muloqoti
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasida 19-21 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzuida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Rossiya Fanlar akademiyasi Yevgeniy Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti, Buyuk Britaniya Qirollik xalqaro munosabatlar instituti, AQSHning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti, Finlyandiyaning Martti Axtisaari nomidagi Tinchlik jamg‘armasi, Germaniyaning Bergxof jamg‘armasi, Hindistonning Xalqaro ishlar bo‘yicha kengashi, Hindistonning “Observer Research Foundation” tahliliy markazi, Pokiston Strategik tadqiqotlar instituti, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti kabi nufuzli tashkilotlarning ekspertlari ishtirok edi. Shuningdek, BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surishda ko‘p tomonlama munozara maydonini shakllantirishga xizmat qilgan tadbirda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlash, hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliya tuzilmalarining rolini kengaytirish, ekspertlar muloqoti salohiyatini ishga solish singari dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro muloqotning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori E.Aripov, Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov O‘zbekiston keyingi yillarda dunyoda ochiq, pragmatik siyosat olib borayotgani mamlakatni har taraflama yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Qadimdan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston o‘tmishdagi dovrug‘ini qayta tiklab, Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtirishda muhim koridor vazifasini bajarish yo‘lida ishonchli qadam tashlayotgani qayd etildi. Forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Sayyoramizda kechayotgan hozirgi murakkab sharoitda o‘tkazilgan Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni qayta tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning ustuvor vazifalaridan biri – davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlikka asoslangan va qarshi qo‘yishga olib keluvchi vaziyatlardan voz kechishga qaratilgan yangi munosabatlar modellarini shakllantirishdan iborat.
Termiz azaldan madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot markazi sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shahar. Qadimiy kentda zardushtiy, buddizm, nasroniylik va islom kabi dinlar an’analari shakllanib, rivojlangan.
Ikki yarim ming yildan ortiq tarixga ega shahar antik davr mualliflarining asarlarida ham tilga olingan. Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim nuqtalardan biri bo‘lgan.
Ayni paytda Termizning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim bo‘g‘in sifatidagi o‘rni qayta tiklanmoqda. Xususan, “Termiz” xalqaro savdo markazi ko‘p tarmoqli transport-logistika markazi, “Termez Kargo Sentr” kabi yirik inshootlar barpo etildi. Viloyat Yangi Renessans davrini boshdan kechirib, savdo, investitsiya va ilm-fan markaziga aylanib borayotir, rivojlanmoqda. Jumladan, birgina o‘tgan yil 560 million dollar qiymatidagi 37 ta yirik sanoat loyihasi amalga oshirildi. Qo‘shni davlatlar – Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston bilan savdo munosabatlari yuksalmoqda. O‘tgan yil mazkur davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 82 million dollarga yetib, 2023 yilga nisbatan 116 foizni tashkil etdi. Shuningdek, 689 million dollar miqdorida investitsiya jalb etildi. 550 dan ortiq madaniy meros va turizm ob’ekti mavjud vohaning boy sayyohlik salohiyatidan foydalanish uchun ham zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Masalan, shu yil Boysun tumanidagi Uzundara yodgorligi hududida ochiq osmon ostidagi muzey barpo etildi. “Omonxona” sanatoriyasini ta’mirlash va kengaytirish davom etmoqda. Yangi sanatoriy majmuasi qurilmoqda. Boysun va Sariosiyo tumanlarida dor yo‘llari qurish, Oltinsoy tumanida ziplayn majmuasi barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyati ulkan iqtisodiy imkoniyatlar, yer osti va yer usti tabiiy boyliklariga ega hudud. Neft va gaz, fosforit, dolomit va gips kabi foydali qazilmalarning katta zaxirasi bor. Ularni qazib olish va qayta ishlash loyihalarini yo‘lga qo‘yish ichki va tashqi investitsiyalarni jalb etishga keng yo‘l ochadi.
Boy tarixiy-madaniy meros hamda iqtisodiy o‘sish Termizning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim halqa sifatidagi o‘rnini tiklash uchun o‘ziga xos va noyob imkoniyat yaratayotir. Bu yerda tashkil etilgan Termiz muloqoti makroregionda o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirib, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda umumiy yondashuvlarni shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Termiz muloqoti O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi va “Termez Cargo Centre” xalqaro transport-logistika xabi bilan tanishuvdan boshlandi.
[gallery-23495]
Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi Global ta’minot tarmog‘i ombori maqomi berilgan. Jahoning sakkizinchi yirik ta’minot tarmog‘i maqomiga ega bo‘lgan xab Afg‘oniston va boshqa davlatlardagi yordamga ehtiyoj sezadigan insonlar uchun zaxira yaratish hamda zarur bo‘lganda tezkor yetkazib berishni samarali tashkil etish uchun juda qulay hududda joylashgan. Bu jarayonda Termizning Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasidagi strategik joylashuvi, bu yerda yaratilgan transport-energetika infratuzilmasi va boshqa omillar ham alohida ahamiyat kasb etdi. Aholining zaif qatlamlariga yordam berish uchun asosiy resurslarni yetarli darajada ta’minlash imkoniyatlari ko‘lamini yanada kengaytirdi. Bunday imkoniyat va mintaqamizda hozircha yagona “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasida afg‘on tarafidan keladigan mehmonlar uchun yaratilgan qulayliklar, boshqa zamonaviy sharoitlar barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
– Aslida Termiz muloqoti yaxshi tashabbus bo‘ldi. O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan bu savdo markazi har ikki davlat rivojlanishida muhim rol o‘ynamoqda, – deydi Afg‘onistondagi “Gazanfar Bank” bosh direktori o‘rinbosari Matiulla Obaidi. – Savdo markazi rahbarining aytishicha, zamonaviy bu majmua boshqa davlatlar, jumladan, Janubiy Osiyo, Hindiston, Pokiston, Bangladesh hamda Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kengaytirish uchun yangi reja va tashabbuslarga ega.
O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlab, rivojlantirishda O‘zbekiston muhim rol o‘ynamoqda. Afg‘oniston esa Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi markaz sifatida harakat qilmoqda. Men Afg‘onistondagi yetakchi banklardan birining vakili sifatida savdo operatsiyalarini moliyalashtirish, savdo moliyasi hamda ushbu davlatlar o‘rtasidagi moliyaviy tranzaksiyalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz, deb ayta olaman. Shuningdek, bu yerda bankimiz filialini ochish imkoniyatlarini o‘rganib chiqyapmiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi 1 milliard dollardan oshgan. Bu yo‘nalishda ulkan salohiyat mavjud. Chunki Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 500 milliard dollar, Janubiy Osiyo esa 3 trillion dollardan oshiq iqtisodiy quvvatga ega. Bu ikki mintaqani bog‘lash orqali biznes hajmini kengaytirib, savdoni rivojlantirish va moliyaviy yechimlarni hal etib, uni osonlashtirish imkoniyati mavjud. Termizning boshqa davlatlar uchun roli haqida gapiradigan bo‘lsak, Termiz muloqoti bu ikki mintaqani bog‘lovchi muhim platformaga aylanmoqda. To‘g‘ri, hozir savdo hajmi andak past darajada bo‘lishi mumkin. Ammo Termiz kelajakda bu sohadagi hamkorlikni kuchaytirib, savdo-sotiqni rivojlantirish yo‘llarini, moliyaviy operatsiyalarni yengillashtiradi. Hamkorlikni mustahkamlaydi.
Dunyo global o‘zgarishlar, geosiyosiy taranglik va iqtisodiy burilishlar bilan to‘qnashayotgan hozirgi sharoitda davlatlarning o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashi, ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘yib, hamkorlik aloqalarini kengaytirishi barqaror xavfsizlikni ta’minlab, taraqqiyot sari yetaklaydi.
“Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzuida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Termiz muloqoti birinchi yig‘ilishi doirasidagi dastlabki sessiyada ishtirok etgan davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari shu haqda atroflicha fikr almashdi. Mavzu yuzasidan o‘z qarashlari va mulohazalarini bildirdi.
Forumning mintaqalararo moliya institutlari va xususiy sektorning iqtisodiyotni o‘stirishda o‘zaro aloqalarini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan ikkinchi sessiyasida O‘zbekiston mintaqada xususiy biznesni rivojlantirish uchun keng qamrovli ishlarni amalga oshirayotgani alohida e’tirof etildi.
Mavzu yuzasidan muloqotlarda Afg‘oniston savdo-investitsiya palatasi raisi o‘rinbosari Xan Djan Alakazay, Qozog‘iston tashqi savdo palatasi boshlig‘i, boshqaruv a’zosi Asan Jakishev, shuningdek, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati savdo-sanoat palatasi, Pokistonning Belujiston provinsiyasi Kvetti savdo-sanoat palatasi, Tojikistonning So‘g‘d viloyati savdo-sanoat palatasi, Turkmaniston Savdo savdo-sanoat palatasi vakillari, Afg‘onistondagi “Gazanfarbank” bosh direktori o‘rinbosari Matiulla Obaidi, “Azizibank” direktori Xanullax Yusufzay va boshqalar so‘zga chiqib, mintaqalarda xususiy biznesni rivojlantirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va mamlakatlarini iqtisodiy rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan ishlari xususida ma’lumot berdi. Hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliya tuzilmalarining rolini kengaytirish bo‘yicha foydali takliflar o‘rtaga tashlandi.
Tadbirda “Katalist” kampaniyasi boshlig‘i Muhammad Sulaymon bin Shayxning Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida xususiy sektorni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning hududiy platformasiga bag‘ishlangan taqdimoti o‘tkazildi.
Uch kun davom etgan Termiz muloqotida O‘zbekiston o‘z tashqi siyosiy strategiyasida Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni chuqurlashtirish orqali Yevroosiyoning ulkan mintaqasini barqarorlik va izchil taraqqiyot hududiga aylantirishga alohida e’tibor qaratayotgani o‘z ifodasini topdi. Jumladan, hududiy o‘zaro aloqalar bo‘yicha ekspertlar muloqoti tashkil etilgan uchinchi sessiyada ham O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishda yetakchi davlatga aylanayotgani, anjuman o‘tkazilgan Termiz shahri Markaziy va Janubiy Osiyo kesishmasi bo‘lgan mintaqalararo bog‘liqlikning markaziy nuqtasida joylashgani alohida qayd etildi. Bu shaharning o‘tmishdan sivilizatsiyalar, madaniyatlar, dinlararo muloqot markazi bo‘lib kelganiga e’tibor qaratildi.
– Biz 35 yildan buyon qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlashni muhokama etib kelamiz, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Sanat Kushkumbayev. – Hozirgi globallashuv davrida bu tabiiy hol. Endi tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan aloqalarimizni qayta tiklash vaqti keldi. Hozir aynan shu jarayon kechmoqda.
Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqasining umumiy arxitekturasini yaratish, Yevroosiyoning ulkan makromintaqasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini birgalikda izlash, insoniyat duch kelayotgan ekologik muammolar, kibertahdid va mintaqadagi boshqa dolzarb masalalar ham chuqur tahlil qilindi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari, shuningdek, Termiz arxeologiya muzeyi, Termiz tumanidagi dunyoda muqobili yo‘q Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi bilan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbirlari