Markaziy Osiyoda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, yer osti suvlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish mintaqaning barqaror taraqqiyotida muhim omildir.
Shu munosabat bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar mutaxassislari ishtirokida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda yer osti suvlarini barqaror boshqarish” mavzusida xalqaro darajadagi davra suhbati ham ulardan biridir.
YUNESKOning Hukumatlararo gidrologik dasturining 50 yilligi munosabati bilan ushbu tashkilotning mintaqaviy byurosi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tog-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda “Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti” DM mutasaddilari faol ishtirok etdi.
Davra suhbatida mintaqada yer osti suvlaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish va barqaror boshqarish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar yer osti suv resurslarini baholash va ulardan samarali foydalanishning zamonaviy yo‘nalishlari, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda transchegaraviy suv resurslari sohasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, o‘tkazilgan davra suhbati Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv resurslaridan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. Tadbir natijalari mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlash, suv xavfsizligini mustahkamlash va kelajak avlodlar uchun tabiiy boyliklarni asrab-avaylash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA